174-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamentiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (2406-IV-son) · Sana: 09.08.2022 · Amalda
Davlat budjeti toʻgʻrisidagi qonun loyihasini koʻrib chiqish chogʻida Qonunchilik palatasi Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining yoki uning vazifasini bajaruvchi shaxsning maʼruzasini, Budjet va iqtisodiy masalalar qoʻmitasi vakilining qoʻshimcha maʼruzasini eshitadi hamda qonun loyihasini birinchi oʻqishda qabul qilish haqida yoxud uni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi. Bunda Budjet va iqtisodiy masalalar qoʻmitasining vakili fraksiyalarning Davlat budjeti toʻgʻrisidagi qonun loyihasi boʻyicha fikrlari va takliflarini deputatlarga yetkazishi shart. Maʼruzalar boʻyicha muhokama oʻtkaziladi.
Fraksiyalarning hamda qoʻmitalarning Davlat budjeti toʻgʻrisidagi qonun loyihasi boʻyicha fikrlari va takliflari Qonunchilik palatasining majlisida muhokama qilinishi shart.
Davlat budjeti toʻgʻrisidagi qonun loyihasi boʻyicha Qonunchilik palatasining fikrlari va takliflari uch kunlik muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuboriladi.
Davlat budjeti toʻgʻrisidagi qonun loyihasi birinchi oʻqishda rad etilgan taqdirda, Qonunchilik palatasi uni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga maromiga yetkazish uchun qaytaradi.
