175-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamentiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (2406-IV-son) · Sana: 09.08.2022 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi rad etilgan Davlat budjeti toʻgʻrisidagi qonun loyihasi olingan kundan eʼtiboran oʻn toʻrt kun ichida Qonunchilik palatasining mulohazalari va takliflarini inobatga olgan holda qonun loyihasini maromiga yetkazadi hamda maromiga yetkazilgan qonun loyihasini Qonunchilik palatasiga birinchi oʻqishda qayta koʻrib chiqish uchun kiritadi.
Maromiga yetkazilgan Davlat budjeti toʻgʻrisidagi qonun loyihasini koʻrib chiqish Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining yoki uning vazifasini bajaruvchi shaxsning maʼruzasi bilan boshlanadi, keyin Budjet va iqtisodiy masalalar qoʻmitasi vakilining qoʻshimcha maʼruzasi eshitiladi.
Davlat budjeti toʻgʻrisidagi qonun loyihasi Qonunchilik palatasi tomonidan, qoida tariqasida, joriy yilning 15-noyabrigacha koʻrib chiqiladi.
Davlat budjeti toʻgʻrisidagi qonun loyihasining davlat sirini va qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi qismi Qonunchilik palatasining yopiq majlisida qonunchilikda belgilangan tartibda koʻrib chiqiladi.
Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan “Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilingan kunidan eʼtiboran besh kun ichida Senatga koʻrib chiqish uchun yuboriladi.
