173-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamentiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (2406-IV-son) · Sana: 09.08.2022 · Amalda
Qonunchilik palatasi Spikeri Davlat budjeti toʻgʻrisidagi qonun loyihasini, budjetnoma va fiskal strategiyani dastlabki tarzda koʻrib chiqish hamda fikrlar va takliflar ishlab chiqish uchun Budjet va iqtisodiy masalalar qoʻmitasiga, boshqa qoʻmitalarga, fraksiyalarga hamda Qonunchilik palatasi devonining Davlat budjeti boshqarmasiga yoʻllaydi.
Davlat budjeti toʻgʻrisidagi qonun loyihasini dastlabki tarzda muhokama qilish jarayonida fraksiyalar, qoʻmitalar va Qonunchilik palatasi devonining Davlat budjeti boshqarmasi Davlat budjeti toʻgʻrisidagi qonun loyihasi bilan bogʻliq qoʻshimcha axborotni tegishli organlardan talab qilib olishi mumkin.
Budjet va iqtisodiy masalalar qoʻmitasi barcha fraksiyalarning, qoʻmitalar hamda Qonunchilik palatasi devoni Davlat budjeti boshqarmasining fikrlari va takliflarini oʻrganib chiqib, Davlat budjeti toʻgʻrisidagi qonun loyihasining va budjetnomaning dastlabki tarzda koʻrib chiqilishini oʻtkazadi hamda Kengashga Davlat budjeti toʻgʻrisidagi qonun loyihasini Qonunchilik palatasi koʻrib chiqishi uchun kiritish mumkinligi toʻgʻrisida belgilangan muddatda xulosa taqdim etadi.
Budjet va iqtisodiy masalalar qoʻmitasi majlislarining kuni va vaqti toʻgʻrisida boshqa qoʻmitalarga rasmiy ravishda xabar qilinadi.
Budjet va iqtisodiy masalalar qoʻmitasining majlisida Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining yoki uning vazifasini bajaruvchi shaxsning Davlat budjeti toʻgʻrisidagi qonun loyihasi haqidagi axboroti eshitiladi.
Davlat budjeti toʻgʻrisidagi qonun loyihasiga doir materiallar mazkur loyiha Qonunchilik palatasining majlisida koʻrib chiqilguniga qadar oldindan deputatlarga yetkaziladi.
