146-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamentiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (2406-IV-son) · Sana: 09.08.2022 · Amalda
Qonun loyihasi ikkinchi oʻqishda Qonunchilik palatasida koʻrib chiqilayotganida masʼul qoʻmitaning vakili maʼruza bilan soʻzga chiqadi.
Maʼruzachi qonun loyihasini masʼul qoʻmitada koʻrib chiqish yakunlari, kelib tushgan fikrlar va takliflar, ularni koʻrib chiqish natijalari haqida maʼlum qiladi.
Qonun loyihasini Qonunchilik palatasi tomonidan ikkinchi oʻqishda koʻrib chiqish chogʻida muhokama moddama-modda oʻtkaziladi. Bunda masʼul qoʻmita tomonidan maʼqullangan fikrlar va takliflar ham, maʼqullanmagan fikrlar va takliflar ham muhokama qilinadi. Qonun loyihasi boʻyicha ovoz berish, qoida tariqasida, moddama-modda oʻtkaziladi. Qonunchilik palatasining qaroriga koʻra qonun loyihasi boʻyicha ovoz berish boblar yoki boʻlimlar boʻyicha, shuningdek bir necha moddalar boʻyicha bir vaqtning oʻzida oʻtkazilishi mumkin.
Qonunchilik palatasi majlisida raislik qiluvchi qonun loyihasini moddama-modda ovoz berish natijalari boʻyicha maromiga yetkazish va keyingi oʻqishda Qonunchilik palatasi muhokamasiga kiritish muddatini belgilagan holda uni ikkinchi oʻqishda qabul qilish toʻgʻrisidagi taklifni ovozga qoʻyadi. Agar ovoz berish yakunlariga koʻra bunday taklif ovozlarning zarur sonini toʻplamagan boʻlsa, shuningdek moddama-modda ovoz berish jarayonida bir yoki bir nechta modda rad etilgan boʻlsa, qonun loyihasi maromiga yetkazish uchun masʼul qoʻmitaga qaytariladi. Qonunchilik palatasi majlisida raislik qiluvchi qonun loyihasining rad etilgan bir yoki bir necha moddasini chiqarib tashlagan holda ovozga qoʻyish toʻgʻrisidagi taklifni ovozga qoʻyishi mumkin. Maromiga yetkazilgan qonun loyihasi ikkinchi oʻqishda qayta koʻrib chiqilganidan keyin Qonunchilik palatasi majlisida raislik qiluvchi loyihani ikkinchi oʻqishda qabul qilish toʻgʻrisidagi taklifni ovozga qoʻyadi. Agar ovoz berish yakunlariga koʻra bunday taklif ovozlarning zarur sonini toʻplamagan boʻlsa, qonun loyihasi rad etilgan hisoblanadi va bundan buyon koʻrib chiqilmaydi. Qonunchilik palatasining mazkur masala yuzasidan qabul qilgan qarorining nusxasi qonun loyihasini kiritgan tegishincha qonunchilik tashabbusi huquqi subyektiga yoki ikkinchi oʻqishga tayyorlangan muqobil qonun loyihasini kiritgan oʻzini parlamentdagi muxolifat deb eʼlon qilgan fraksiyaga yuboriladi.
