1461-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamentiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (2406-IV-son) · Sana: 09.08.2022 · Amalda
Ikkinchi oʻqishga tayyorlangan muqobil qonun loyihasi Qonunchilik palatasi majlisida asosiy qonun loyihasi bilan bir vaqtda koʻrib chiqilishi kerak.
Qonun loyihalari Qonunchilik palatasida koʻrib chiqilayotganida masʼul qoʻmitaning vakili maʼruza bilan soʻzga chiqadi.
Maʼruzachi asosiy qonun loyihasini va ikkinchi oʻqishga tayyorlangan muqobil qonun loyihasini masʼul qoʻmitada koʻrib chiqish yakunlari, kelib tushgan fikrlar va takliflar, ularni koʻrib chiqish natijalari haqida maʼlum qiladi.
Qonunchilik palatasi majlisida raislik qiluvchi asosiy qonun loyihasini va ikkinchi oʻqishga tayyorlangan muqobil qonun loyihasini ulardan qaysi biri ikkinchi oʻqishda koʻrib chiqilishini tanlash maqsadida ovozga qoʻyadi. Bunda dastlab asosiy qonun loyihasi ovozga qoʻyiladi.
Qonunchilik palatasi deputatlarining qaror qabul qilish uchun talab qilinadigan eng koʻp miqdordagi ovozini toʻplagan qonun loyihasi ikkinchi oʻqish tartib-taomilida koʻrib chiqiladi.
Agar ovoz berish yakunlariga koʻra qonun loyihalaridan birortasi ham ikkinchi oʻqishda koʻrib chiqish uchun yetarli ovozlar sonini toʻplamasa, eng koʻp ovozlar sonini toʻplagan qonun loyihasi uzil-kesil ovozga qoʻyiladi. Agar uzil-kesil ovozga qoʻyish chogʻida deputatlar umumiy sonining yarmidan koʻpi uni yoqlab ovoz bersa, mazkur qonun loyihasi ikkinchi oʻqishda koʻrib chiqiladi.
Qonunchilik palatasi tomonidan ikkinchi oʻqishda koʻrib chiqish uchun tanlanmagan qonun loyihasi rad etilgan hisoblanadi va bundan buyon koʻrib chiqilmaydi. Bu toʻxtam qoʻshimcha ovoz berish oʻtkazilmagan holda Qonunchilik palatasining tegishli qarori bilan rasmiylashtiriladi. Qonunchilik palatasining mazkur masala yuzasidan qabul qilgan qarorining nusxasi tegishincha qonun loyihasini kiritgan qonunchilik tashabbusi huquqi subyektiga yoki ikkinchi oʻqishga tayyorlangan muqobil qonun loyihasini kiritgan oʻzini parlamentdagi muxolifat deb eʼlon qilgan fraksiyaga yuboriladi.
Oʻzini parlamentdagi muxolifat deb eʼlon qilgan fraksiya ikkinchi oʻqishda koʻrib chiqilayotgan qonun loyihasi tarkibiy birligining matni boʻyicha taqdim etgan muqobil tahrir asosiy qonun loyihasining tegishli bobi, boʻlimi, moddasi yoki bandi koʻrib chiqilayotganda muhokama qilinadi.
Masʼul qoʻmitaning vakili oʻz maʼruzasida ikkinchi oʻqishda koʻrib chiqilayotgan qonun loyihasi tarkibiy birligi matnining oʻzini parlamentdagi muxolifat deb eʼlon qilgan fraksiya tomonidan taqdim etilgan muqobil tahriri va uni masʼul qoʻmitada koʻrib chiqish yakunlari, kelib tushgan fikrlar va takliflar, ularni koʻrib chiqish natijalari haqida maʼlum qiladi.
