33-modda. Favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishga doir ishlarga rahbarlik qilish
Aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish toʻgʻrisida (O‘RQ-790-son) · Sana: 17.08.2022 · Amalda
Favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishga doir ishlarga rahbarlik qilish:
lokal favqulodda vaziyatlarda — hududida favqulodda vaziyat roʻy bergan tashkilotning rahbari belgilagan masʼul xodim tomonidan;
mahalliy miqyosdagi favqulodda vaziyatlarda — maxsus vakolatli davlat organi hududiy boʻlinmasining rahbari yoki roʻy bergan favqulodda vaziyatning xususiyatiga qarab, tegishli sohada davlat boshqaruvini amalga oshiruvchi vazirlikning va idoraning hududiy boʻlinmasi rahbari tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining, viloyatlar, Toshkent shahar, shuningdek tumanlar, shaharlar hokimlarining qarori asosida;
respublika miqyosidagi va transchegaraviy favqulodda vaziyatlarda — maxsus vakolatli davlat organining rahbari yoki roʻy bergan favqulodda vaziyatning xususiyatiga qarab, tegishli sohada davlat boshqaruvini amalga oshiruvchi vazirlikning va idoraning rahbari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori asosida amalga oshiriladi.
Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan shaxslar favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishga doir ishlarga rahbarlik qiluvchi shaxslardir.
