34-modda. Favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishga doir ishlarga rahbarlik qiluvchi shaxslarning vakolatlari
Aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish toʻgʻrisida (O‘RQ-790-son) · Sana: 17.08.2022 · Amalda
Favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish uchun jalb qilingan barcha kuchlar va vositalarni boshqarish, shuningdek ularning birgalikdagi harakatlarini tashkil etish favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishga doir ishlarga rahbarlik qiluvchi shaxslar tomonidan amalga oshiriladi.
Favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishga doir ishlarga rahbarlik qiluvchi shaxslarning vakolatlari:
lokal favqulodda vaziyatlarda — hududida favqulodda vaziyat roʻy bergan tashkilotning rahbari tomonidan;
mahalliy miqyosdagi favqulodda vaziyatlarda — mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan;
respublika miqyosidagi va transchegaraviy favqulodda vaziyatlarda — Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Favqulodda vaziyatlar zonasiga birinchi boʻlib yetib kelgan qutqaruv xizmatlari va qutqaruv tuzilmalarining rahbarlari favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishga doir ishlarga rahbarlik qiluvchi shaxslarning vakolatlarini oʻz zimmasiga oladi hamda ushbu rahbarlik qiluvchi shaxslar yetib kelguniga qadar mazkur vakolatlarni amalga oshiradi.
Favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishga doir ishlarga rahbarlik qiluvchi shaxslar odamlarning hayoti va sogʻligʻiga bevosita tahdid boʻlganda quyidagi qarorlarni mustaqil ravishda qabul qilishga haqli:
evakuatsiya tadbirlarini oʻtkazish toʻgʻrisida;
favqulodda vaziyatlar zonalaridagi obyektlarda va hududlarda qutqaruv ishlarini olib borish haqida;
favqulodda vaziyatlar zonalariga kirishni, shuningdek ularda harakatlanishni cheklash toʻgʻrisida;
favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish uchun favqulodda vaziyatlar zonalaridagi tashkilotlarning moddiy-texnika resurslaridan foydalanish haqida;
shtatdan tashqari qutqaruv tuzilmalari va jamoat qutqaruv tuzilmalarini, shuningdek qutqaruv ishlarini amalga oshirishga boʻlgan huquqlarini tasdiqlaydigan hujjatlari mavjud boʻlgan taqdirda, mazkur tuzilmalar tarkibiga kirmaydigan qutqaruvchilarni favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishga doir ishlarni amalga oshirishga jalb etish toʻgʻrisida;
favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishga doir kechiktirib boʻlmaydigan ishlarni amalga oshirish uchun voyaga yetgan fuqarolarni ixtiyoriylik asosida jalb etish haqida;
