18-modda. Isteʼmolchilarning huquqlari
Ichimlik suvi taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish toʻgʻrisida (O‘RQ-784-son) · Sana: 22.07.2022 · Amalda
Isteʼmolchilar quyidagi huquqlarga ega:
ichimlik suvi taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish boʻyicha xizmatlarning uzluksiz va xavfsiz koʻrsatilishini, shuningdek oʻz hayoti, sogʻligʻi va mol-mulkiga xavf tugʻdirmaydigan sifatga va miqdorga ega boʻlgan ichimlik suvi berilishini shartnoma shartlariga muvofiq talab qilish;
ichimlik suvi taʼminoti tashkiloti shartnomada koʻrsatilgan oʻz majburiyatlarini bajarmagan taqdirda, jarimalar (penyalar) va boshqa toʻlovlar toʻlanishini qonunchilikka muvofiq talab qilish;
asossiz ravishda undirilgan toʻlovlarning qaytarilishini ichimlik suvi taʼminoti tashkilotidan talab qilish;
ichimlik suvi taʼminoti va (yoki) oqova suvlarni chiqarib yuborish boʻyicha xizmatlar uchun tegishli toʻlovlarni toʻliq toʻlagan holda shartnomani bir tomonlama tartibda bekor qilish;
ichimlik suvining sifati toʻgʻrisidagi axborotni hamda ichimlik suvi taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish boʻyicha koʻrsatilgan xizmatlar uchun qarzdorlik haqidagi maʼlumotlarni ichimlik suvi taʼminoti tashkilotidan bepul olish.
Isteʼmolchilar qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
