11-modda. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining ichimlik suvi taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish sohasidagi vakolatlari
Ichimlik suvi taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish toʻgʻrisida (O‘RQ-784-son) · Sana: 22.07.2022 · Amalda
Mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari ichimlik suvi taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish sohasini rivojlantirishga qaratilgan hududiy dasturlarni tasdiqlaydi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari ichimlik suvi taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish boʻyicha xizmatlar uchun tariflarni tasdiqlaydi.
Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari:
ichimlik suvi taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirishda ishtirok etadi;
ichimlik suvi taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish sohasini rivojlantirishga qaratilgan hududiy dasturlarni ishlab chiqadi va tasdiqlash uchun mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlariga kiritadi hamda amalga oshiradi;
ichimlik suvi taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish boʻyicha xizmatlar koʻrsatilishiga xususiy sektorni jalb etishga koʻmaklashadi;
ichimlik suvi taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish sohasidagi loyihalarning roʻyobga chiqarilishi monitoringini amalga oshiradi.
Mahalliy davlat hokimiyati organlari qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
