10-modda. Ichimlik suvi taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish sohasidagi davlat nazorati organi hamda uning vakolatlari
Ichimlik suvi taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish toʻgʻrisida (O‘RQ-784-son) · Sana: 22.07.2022 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi huzuridagi Ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi hamda uning hududiy inspeksiyalari ichimlik suvi taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish sohasida davlat nazoratini amalga oshiruvchi organdir (bundan buyon matnda davlat nazorati organi deb yuritiladi).
Davlat nazorati organi:
ichimlik suvini samarali ishlab chiqarish, yetkazib berish, realizatsiya qilish, ichimlik suvidan oqilona foydalanish, shuningdek oqova suvlarni chiqarib yuborish va tozalash boʻyicha xizmatlar sohasida texnik jihatdan tartibga solish toʻgʻrisidagi qonunchilik hamda normativ hujjatlar talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi;
ichimlik suvi inshootlarini va oqova suvlarni tozalash inshootlarini texnologik auditdan oʻtkazadi;
ichimlik suvi taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish tizimlariga ulanishda texnik shartlar talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi, shuningdek ushbu tarmoqlarga oʻzboshimchalik bilan ulanishning oldini olish boʻyicha choralar koʻradi;
ichimlik suvi taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish boʻyicha xizmatlar koʻrsatish chogʻida ichimlik suvi taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish tarmoqlaridagi va boshqa inshootlardagi avariyalar bartaraf etilishini, ular yuzaga kelishining oldini olish boʻyicha ishlab chiqilgan tadbirlarning amalga oshirilishini nazorat qiladi;
suv obyektlaridan suv olishdan to isteʼmolchilarga realizatsiya qilishga qadar boʻlgan barcha jarayonlarda suvning texnologik jihatdan sarflanishi va yoʻqotilishining yoʻl qoʻyiladigan normalariga rioya etilishini nazorat qiladi;
yer osti suvlari quduqlarining holati va ulardan foydalanish shartlariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi;
isteʼmolchilarning ichimlik suvi taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish boʻyicha xizmatlar bilan qamrab olinishi ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi;
ichimlik suvi taʼminoti tashkilotlari tomonidan isteʼmolchilarga yetkazib berilayotgan ichimlik suvining sifati va belgilangan talablarga muvofiqligi ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi;
ichimlik suvi taʼminoti tashkilotlariga hamda isteʼmolchilarga ichimlik suvi taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish sohasida aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish yuzasidan bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatmalar beradi;
