9-modda. Ichimlik suvi taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi hamda uning vakolatlari
Ichimlik suvi taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish toʻgʻrisida (O‘RQ-784-son) · Sana: 22.07.2022 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi ichimlik suvi taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organidir (bundan buyon matnda maxsus vakolatli davlat organi deb yuritiladi).
Maxsus vakolatli davlat organi:
ichimlik suvi taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish sohasidagi yagona davlat siyosatini amalga oshiradi;
ichimlik suvi taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish sohasidagi dasturlar, strategiyalar hamda konsepsiyalarni ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
aholining ichimlik suvi taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish boʻyicha xizmatlar bilan qamrab olinishini monitoring qilish uchun yangilab boriladigan elektron bazani doimiy asosda yuritadi;
aholi punktlarini ichimlik suvi taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish boʻyicha xizmatlar bilan taʼminlash uchun davlat ijtimoiy buyurtmalarini beradi;
ichimlik suvi taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish boʻyicha xizmatlar koʻrsatilishida xususiy sektorning ishtirokini kengaytirish, shu jumladan davlat-xususiy sheriklik asosida kengaytirish choralarini koʻradi;
ichimlik suvi taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqadi hamda ularni oʻz vakolatlari doirasida qabul qiladi;
ichimlik suvi taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish sohasidagi tarif siyosatini shakllantirishga koʻmaklashadi;
Oʻzbekiston Respublikasidagi ichimlik suvi taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish tizimlarini rivojlantirishning bosh sxemasi ishlab chiqilishini taʼminlaydi;
ichimlik suvi taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish sohasidagi ilmiy tadqiqotlarni tashkil etadi hamda muvofiqlashtiradi;
ichimlik suvi taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish sohasida kadrlarga boʻlgan ehtiyojni tahlil qiladi hamda ularni tayyorlashda ishtirok etadi;
ichimlik suvi taʼminoti tashkilotlarining reyestrini yuritadi va uni oʻzining rasmiy veb-saytida joylashtiradi, ular faoliyati samaradorligining asosiy mezonlarini belgilaydi va baholaydi;
ichimlik suvi taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish sohasidagi loyihalarning amalga oshirilishini davlat kapital mablagʻlari hamda davlat kafolatlari ostida jalb etilgan chet el investitsiyalari hisobidan taʼminlaydi;
