3-modda. Asosiy tushunchalar
Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyish tartib-taomillari toʻgʻrisida (O‘RQ-781-son) · Sana: 29.06.2022 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
asoslantiruvchi materiallar — kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyilishi rejalashtirilgan yer uchastkasi, unda joylashgan koʻchmas mulk obyektlari (shu jumladan turar joylarning va yashash uchun moʻljallanmagan joylarning holati, ularning joriy belgilangan maqsadi) toʻgʻrisidagi, yer uchastkasini olib qoʻyish maqsadlari jamoat ehtiyojlari deb eʼtirof etilgan maqsadlarga muvofiqligini tasdiqlovchi maʼlumotlarni, shuningdek mazkur yer uchastkasida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan loyiha hamda ishlarning tavsifini va ularni roʻyobga chiqarish muddatlarini oʻz ichiga olgan hujjatlar;
yer uchastkasi — jismoniy va yuridik shaxslarga belgilangan tartibda tegishincha meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish, doimiy egalik qilish, doimiy foydalanish, muddatli (vaqtincha) foydalanish, ijara huquqi asosida berilgan yer fondining qayd etilgan chegaraga, maydonga, joylashish manziliga, huquqiy rejimga hamda davlat yer kadastrida aks ettiriladigan boshqa xususiyatlariga ega boʻlgan qismi, shu jumladan koʻp kvartirali uylar joylashgan yer uchastkalari;
yer uchastkasining va unda joylashgan koʻchmas mulk obyektlarining huquq egasi (bundan buyon matnda huquq egasi deb yuritiladi) — huquqni belgilovchi hujjatlarga asosan yer uchastkasiga nisbatan meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish, doimiy egalik qilish, doimiy foydalanish, muddatli (vaqtincha) foydalanish, ijara huquqiga hamda mazkur yer uchastkasida joylashgan koʻchmas mulk obyektiga nisbatan mulk huquqiga ega boʻlgan jismoniy yoki yuridik shaxs;
yer uchastkasini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyish tashabbuskori (bundan buyon matnda tashabbuskor deb yuritiladi) — respublika davlat boshqaruvi organlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar yoki tumanlar (shaharlar) hokimliklari;
kelishuv — tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, tegishli viloyat, Toshkent shahar yoki tuman (shahar) hokimliklari va huquq egasi oʻrtasida ularning roziligi bilan tuziladigan, notarial tartibda tasdiqlangan yozma shartnoma boʻlib, unda kompensatsiyaning miqdori, turi va uni berish muddati nazarda tutiladi;
kompensatsiya qilish — yer uchastkasi jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyilishi munosabati bilan huquq egasiga zararlarning oʻrnini ushbu Qonunda nazarda tutilgan tartibda pul shaklida yoki boshqa shaklda qoplash;
