4-modda. Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyishga asos boʻladigan maqsadlar
Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyish tartib-taomillari toʻgʻrisida (O‘RQ-781-son) · Sana: 29.06.2022 · Amalda
Yer uchastkalarini quyidagi maqsadlarda kompensatsiya evaziga olib qoʻyish jamoat ehtiyojlari deb eʼtirof etiladi:
mudofaa va davlat xavfsizligi, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar ehtiyojlari, erkin iqtisodiy zonalarni, erkin savdo zonalarini tashkil etish va ularning faoliyat koʻrsatishi uchun yerlar berish;
Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalaridan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarish;
foydali qazilmalar konlarini qidirish va qazib olish (bundan keng tarqalgan foydali qazilmalar konlari mustasno);
respublika ahamiyatiga hamda mahalliy ahamiyatga molik avtomobil va temir yoʻllarni, aeroportlarni, aerodromlarni, aeronavigatsiya obyektlarini hamda aviatexnika markazlarini, temir yoʻl transporti obyektlarini, koʻpriklar, metropolitenlar, tunnellarni, energetika va aloqa tizimining muhandislik obyektlari hamda tarmoqlarini, kosmik faoliyat obyektlarini, magistral quvurlarni, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini, irrigatsiya va melioratsiya tizimlarini qurish (rekonstruksiya qilish);
tasdiqlangan aholi punktlari bosh rejalarining obyektlarni Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan qurishga oid qismini bajarish;
davlat investitsiya dasturlarida koʻrsatilgan davlat taʼlim, sogʻliqni saqlash, madaniyat va tibbiy-ijtimoiy xizmat koʻrsatish muassasalarining binolari hamda inshootlarini markazlashtirilgan investitsiyalar hisobidan qurish nazarda tutilgan loyihalarni amalga oshirish.
Yer uchastkalarining har qanday boshqa maqsadlarda olib qoʻyilishini jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyish sifatida talqin etish taqiqlanadi.
