27-modda. Kompensatsiya oʻz vaqtida toʻliq hajmda berilishining muntazam monitoringi
Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyish tartib-taomillari toʻgʻrisida (O‘RQ-781-son) · Sana: 29.06.2022 · Amalda
Kompensatsiya oʻz vaqtida toʻliq hajmda berilishining muntazam monitoringi va berilgan kompensatsiyalarning hisobini yuritish “Kadastr va roʻyxatdan oʻtkazishning integratsiyalashgan axborot tizimi”ga integratsiya qilingan maxsus axborot tizimi orqali Kompensatsiya komissiyalari tomonidan amalga oshiriladi.
Kompensatsiya oʻz vaqtida toʻliq hajmda berilishining muntazam monitoringini amalga oshirish uchun “Kadastr va roʻyxatdan oʻtkazishning integratsiyalashgan axborot tizimi”ga integratsiya qilingan maxsus axborot tizimida Kompensatsiya komissiyalarining kotiblari uchun shaxsiy kabinet ochiladi.
Monitoring kelishuvda nazarda tutilgan kompensatsiyalar berilganligini tasdiqlovchi hujjatlar “Kadastr va roʻyxatdan oʻtkazishning integratsiyalashgan axborot tizimi”ga integratsiya qilingan maxsus axborot tizimiga kiritilganligi fakti asosida, kelishuv notarial tartibda tasdiqlangan va u mazkur tizimga kiritilgan kundan eʼtiboran olti oy ichida olib boriladi.
Kompensatsiyaning oʻz vaqtida va toʻliq hajmda berilmaganligi holati aniqlangan taqdirda Kompensatsiya komissiyasi oʻz majlisida monitoring natijalarini koʻrib chiqib, kompensatsiya yuzasidan nizo kelib chiqishining oldini olish boʻyicha tavsiyaviy tusga ega boʻlgan qaror qabul qiladi hamda uni kompensatsiyaning oʻz vaqtida va toʻliq berilmaganligiga yoʻl qoʻygan tashabbuskorga yuboradi.
Kompensatsiya komissiyasining qarorlari uning majlislarida ovoz berish huquqiga ega boʻlgan komissiya aʼzolarining kamida uchdan ikki qismi ishtirok etganda bir ovozdan qabul qilinadi.
Kompensatsiya komissiyasining majlislari tashabbuskorlarning vakillari va huquq egalari (ularning vakillari), shuningdek jamoatchilik ishtirokida ochiq tarzda oʻtkaziladi.
Kompensatsiya komissiyasi kompensatsiya oʻz vaqtida va toʻliq hajmda berilmaganligi holati aniqlanganligi toʻgʻrisida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesiga, mahalliy Kengashga axborot kiritadi.
