28-modda. Olib qoʻyilgan yer uchastkasida joylashgan koʻchmas mulk obyektini egasiz mol-mulk deb topish tartibi
Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyish tartib-taomillari toʻgʻrisida (O‘RQ-781-son) · Sana: 29.06.2022 · Amalda
Olib qoʻyilgan yer uchastkasida joylashgan koʻchmas mulk obyekti, agar uning mulkdori boʻlmasa (shu jumladan, agar koʻchmas mulk obyekti turar joy boʻlsa, doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olingan fuqarolar) yoki uning mulkdori nomaʼlum boʻlsa, egasiz mol-mulk boʻladi.
Egasiz mol-mulk boʻlgan koʻchmas mulk obyekti tegishli davlat organining yoki fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organining arizasiga binoan koʻchmas mulkni davlat roʻyxatidan oʻtkazishni amalga oshiruvchi organ tomonidan hisobga olinadi.
Egasiz mol-mulk boʻlgan koʻchmas mulk obyekti hisobga qoʻyilgan kundan eʼtiboran bir yil oʻtgach, davlat mulkini boshqarishga vakolatli boʻlgan organ yoki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi bu koʻchmas mulk obyektini davlat mulkiga yoki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi mulkiga kiritilgan deb topish toʻgʻrisidagi talab bilan sudga murojaat qilishi mumkin.
