25-modda. Kompensatsiya berish tartibi va muddatlari
Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyish tartib-taomillari toʻgʻrisida (O‘RQ-781-son) · Sana: 29.06.2022 · Amalda
Koʻp kvartirali uy joylashgan yer uchastkasi olib qoʻyilganda taraflarning kelishuviga koʻra huquq egasiga, qoida tariqasida, oʻsha tumanda (shaharda) yoki huquq egasining tanloviga koʻra boshqa tumanda (shaharda) joylashgan, maydoni uy-joy maydonining ijtimoiy normasidan kam boʻlmagan, avvalgisiga teng qiymatli turar joy (kvartira) mulk qilib beriladi. Huquq egasining xohishiga koʻra turar joy (kvartira) olib qoʻyilgan yer uchastkasida qurilayotgan koʻp kvartirali uydan berilishi mumkin. Bunday holda huquq egasiga ushbu turar joy (kvartira) topshiriladigan paytga qadar unga va uning oila aʼzolariga tashabbuskorning mablagʻlari hisobidan boshqa barcha qulayliklari boʻlgan turar joy vaqtinchalik ijaraga beriladi.
Yashash uchun moʻljallanmagan obyekt joylashgan yer uchastkasi olib qoʻyilganda taraflarning kelishuviga koʻra huquq egasiga, qoida tariqasida, oʻsha tumanda (shaharda) yoki huquq egasining tanloviga koʻra boshqa tumanda (shaharda) joylashgan, maydoni avvalgi yashash uchun moʻljallanmagan obyektning umumiy maydonidan kichik boʻlmagan, avvalgisiga teng qiymatli yashash uchun moʻljallanmagan obyekt mulk qilib beriladi. Yashash uchun moʻljallanmagan obyekt olib qoʻyilgan yer uchastkasida qurilayotgan obyektdan berilgan taqdirda, ushbu yashash uchun moʻljallanmagan obyekt topshiriladigan paytga qadar tashabbuskorning mablagʻlari hisobidan huquq egasiga yashash uchun moʻljallanmagan obyekt vaqtinchalik ijaraga beriladi.
Yakka tartibdagi (shu jumladan qurilishi tugallanmagan, lekin belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilgan) uy joylashgan yer uchastkasi olib qoʻyilganda taraflarning kelishuviga koʻra huquq egasiga, qoida tariqasida, oʻsha tumanda (shaharda) yoki huquq egasining tanloviga koʻra boshqa tumanda (shaharda) joylashgan, maydoni uy-joy maydonining ijtimoiy normasidan kam boʻlmagan, avvalgisiga teng qiymatli yakka tartibdagi uy mulk qilib beriladi. Ushbu yakka tartibdagi uy huquq egasiga beriladigan paytga qadar unga va uning oila aʼzolariga tashabbuskorning mablagʻlari hisobidan barcha qulayliklari boʻlgan turar joy vaqtinchalik ijaraga beriladi.
Huquq egasiga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish, doimiy egalik qilish, doimiy foydalanish, muddatli (vaqtinchalik) foydalanish yoki ijara huquqi asosida tegishli boʻlgan yer uchastkasi olib qoʻyilganda huquq egasiga ushbu yer uchastkasiga boʻlgan huquqning bozor qiymatiga teng miqdorda pul mablagʻlari toʻlanadi.
