22-modda. Huquq egalari bilan kelishuv tuzish tartibi
Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyish tartib-taomillari toʻgʻrisida (O‘RQ-781-son) · Sana: 29.06.2022 · Amalda
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining, mahalliy Kengashning yer uchastkasini olib qoʻyish toʻgʻrisidagi qarori qabul qilingandan keyin Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, tegishli viloyat, Toshkent shahar yoki tuman (shahar) hokimligi huquq egalari bilan kompensatsiyaning shartlari, turlari va miqdori boʻyicha kelishuvga erishishga doir ishlarni amalga oshiradi.
Kelishuvga erishilganidan keyin Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, tegishli viloyat, Toshkent shahar yoki tuman (shahar) hokimligi va huquq egasi oʻrtasida ikki tomonlama kelishuv imzolanadi, kelishuv notarial tartibda tasdiqlanadi hamda “Kadastr va roʻyxatdan oʻtkazishning integratsiyalashtirilgan axborot tizimi”ga integratsiya qilingan maxsus axborot tizimi orqali Davlat kadastrlari palatasining hududiy boshqarmalariga yuboriladi, shuningdek mazkur yer uchastkasida joylashgan koʻchmas mulkni boshqa shaxsga oʻtkazishga nisbatan taqiq qoʻyiladi.
Kompensatsiyaning turlari, miqdori va uni berish muddati, shuningdek kompensatsiya toʻliq hajmda berilganidan keyin koʻchmas mulk obyektini boʻshatish muddati kelishuvda nazarda tutiladi. Bunda koʻchmas mulk obyektini boʻshatish muddati kompensatsiya toʻliq hajmda berilgan kundan eʼtiboran hisoblanadi va olti oydan oshmasligi kerak.
Huquq egasi kelishuv tuzilganidan keyin vafot etgan taqdirda, kelishuv boʻyicha huquq va majburiyatlar uning merosxoʻrlariga merosdagi oʻz ulushlariga mutanosib ravishda oʻtadi.
Huquq egasi kelishuv tuzilguniga qadar vafot etgan taqdirda, kelishuv tuzish bilan bogʻliq muzokaralar uning merosxoʻrlari bilan umumiy asoslarda oʻtkaziladi. Merosxoʻrlarning tarkibi va ulardan har birining merosdagi ulushi merosga boʻlgan huquq toʻgʻrisidagi guvohnoma asosida, nizo yuzaga kelgan taqdirda esa sud tomonidan belgilanadi.
Olib qoʻyilgan yer uchastkasida joylashgan koʻchmas mulk obyektlarini kelishuv imzolanganidan keyin boshqa shaxsga oʻtkazishga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining, tegishli viloyat, Toshkent shahar yoki tuman (shahar) hokimligining yozma roziligi mavjud boʻlganda yoxud kelishuv (kelishuvda belgilangan tartibda, taraflarning roziligi bilan yoki sud tartibida) bekor qilingan taqdirda yoʻl qoʻyiladi.
Buzib tashlanadigan koʻchmas mulk obyektini sotib olgan shaxs kelishuvdan kelib chiqadigan huquq va majburiyatlar boʻyicha avvalgi huquq egasining huquqiy vorisi boʻladi.
