15-modda. Asoslantiruvchi materiallarni kuzatuv kengashi bilan kelishish
Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyish tartib-taomillari toʻgʻrisida (O‘RQ-781-son) · Sana: 29.06.2022 · Amalda
Kompensatsiyaning dastlabki miqdori aniqlangan kundan eʼtiboran besh ish kuni ichida asoslantiruvchi materiallar kompensatsiyaning dastlabki miqdori koʻrsatilgan holda tashabbuskor tomonidan kelishish uchun kuzatuv kengashiga kiritiladi.
Kuzatuv kengashi tashabbuskorni va Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashini, viloyatlar, Toshkent shahar yoki tuman (shahar) hokimliklarini qabul qilingan qaror toʻgʻrisida yozma ravishda xabardor qilish vositasida asoslantiruvchi materiallarni oʻn ish kuni ichida kelishish yoxud kelishishni rad etadi.
Asoslantiruvchi materiallarni kelishish haqida qaror qabul qilingan taqdirda, kuzatuv kengashi huquq egalariga beriladigan kompensatsiyaning dastlabki miqdoriga teng boʻlgan summadagi pul mablagʻlarini zaxira qilib qoʻyadi.
Kuzatuv kengashi tomonidan kelishish rad etilgan taqdirda, asoslantiruvchi materiallar rad etish sabablari bartaraf etilganidan keyin tashabbuskor tomonidan kuzatuv kengashiga takroran kiritilishi mumkin.
