14-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan qarorlarni amalga oshirish zarurati munosabati bilan yer uchastkalarini olib qoʻyish
Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyish tartib-taomillari toʻgʻrisida (O‘RQ-781-son) · Sana: 29.06.2022 · Amalda
Ushbu Qonunning 4-moddasi birinchi qismida belgilangan maqsadlarda loyihalarning amalga oshirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorini qabul qilish, shuningdek yer uchastkalarini olib qoʻyish zarurati yuzaga kelgan taqdirda, loyihani amalga oshirish boʻyicha tegishli tashabbus va asoslantiruvchi materiallar manfaatdor davlat organlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi.
Loyihani amalga oshirish va shu munosabat bilan yer uchastkalarini olib qoʻyish boʻyicha tashabbus, shuningdek asoslantiruvchi materiallar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan koʻrib chiqiladi. Koʻrib chiqish yakunlariga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tegishli loyihani amalga oshirish toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi.
Ushbu Qonunning 4-moddasi birinchi qismida nazarda tutilgan maqsadlarda loyihaning amalga oshirilishi haqida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan qaror qabul qilinganligi munosabati bilan yer uchastkalarini olib qoʻyish zarurati yuzaga kelgan taqdirda, ushbu Qonun bilan tashabbuskorning zimmasiga yuklatilgan barcha majburiyatlar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, tegishli viloyat yoki Toshkent shahar hokimliklari tomonidan bajariladi, yer uchastkalarini olib qoʻyish esa ushbu Qonunda nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
