25-modda. Maxsus vositalarni qoʻllash
Qoʻriqlash faoliyati toʻgʻrisida (O‘RQ-778-son) · Sana: 15.06.2022 · Amalda
Idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash hamda idoraviy qorovullik boʻlinmalarining ishchilari va xizmatchilari quyidagi hollarda maxsus vositalarni qoʻllash huquqiga ega:
qoʻriqlanadigan obyektga qilingan hujumni qaytarishda;
idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash hamda idoraviy qorovullik boʻlinmalarining ishchisiga va xizmatchisiga yoki qoʻriqlanadigan obyekt hududidagi fuqaroga qilingan hujumni qaytarishda;
idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash hamda idoraviy qorovullik boʻlinmalarining ishchisiga va xizmatchisiga koʻrsatilayotgan qarshilikka barham berishda;
qoʻriqlanadigan obyektda huquqbuzarlik sodir etish chogʻida koʻrib qolingan shaxsni ushlashda, agar ushbu shaxs qurolli qarshilik koʻrsatishi mumkin boʻlsa;
ushlab turilgan shaxslarni olib borish va qoʻriqlashda, shuningdek qochishga urinishini, atrofdagilarga yoki oʻziga zarar yetkazishini bartaraf etish maqsadida;
qoʻriqlanadigan obyektda haydovchisi qoʻriqlash faoliyatini amalga oshiruvchi subyektning harbiy xizmatchisi, xodimi, ishchisi va xizmatchisi talablarini bajarmagan transport vositasini toʻxtatish zarur boʻlganda.
Idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash hamda idoraviy qorovullik boʻlinmalarining ishchilari va xizmatchilari quyidagi maxsus vositalarni qoʻllash huquqiga ega:
rezina tayoqlarni — ushbu modda birinchi qismining ikkinchi, uchinchi va toʻrtinchi xatboshilarida nazarda tutilgan hollarda;
qoʻlkishanlarni yoki boshqa bogʻlash vositalarini — ushbu modda birinchi qismining uchinchi — oltinchi xatboshilarida nazarda tutilgan hollarda;
xizmat (qoʻriqchi) itlarini — ushbu modda birinchi qismining ikkinchi — oltinchi xatboshilarida nazarda tutilgan hollarda;
transport vositalarini majburiy toʻxtatish vositalarini — ushbu modda birinchi qismining ikkinchi va yettinchi xatboshilarida nazarda tutilgan hollarda.
Idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash hamda idoraviy qorovullik boʻlinmalarining ishchilari va xizmatchilari ushbu Qonunda xizmat qurolini ishlatishga ruxsat etilgan barcha hollarda maxsus vositalarni qoʻllash huquqiga ega.
Maxsus vositalar, agar idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash hamda idoraviy qorovullik boʻlinmalarining ishchilari va xizmatchilari tomonidan huquqbuzarga nisbatan ogohlantiruvchi harakatlarning boshqa barcha shakllaridan foydalanilsa va ular kutilgan natijalarni bermasa, qoʻllaniladi.
