26-modda. Xizmat qurolini qoʻllash
Qoʻriqlash faoliyati toʻgʻrisida (O‘RQ-778-son) · Sana: 15.06.2022 · Amalda
Idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash hamda idoraviy qorovullik boʻlinmalarining ishchilari va xizmatchilari quyidagi hollarda xizmat qurolini qoʻllash huquqiga ega boʻladi:
qoʻriqlanadigan shaxsni va qoʻriqlanadigan obyektda boʻlgan boshqa fuqarolarni hujumdan himoya qilishda, agar hujum hayot yoki sogʻliq uchun xavfli boʻlgan zoʻrlik ishlatish bilan qilingan boʻlsa;
qoʻriqlanadigan obyektlarga qurolli hujumni yoki guruh boʻlib qilingan hujumni qaytarishda;
idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash hamda idoraviy qorovullik boʻlinmalari ishchilarining va xizmatchilarining hayotiga va sogʻligʻiga tahdid soladigan hujumni qaytarishda, shuningdek xizmat qurolini egallab olishga boʻlgan urinishlarning oldini olishda;
oʻta ogʻir jinoyatni sodir etish chogʻida koʻrib qolingan va qoʻriqlanadigan obyekt hududidan yashirinishga urinayotgan shaxsni ushlashda, agar boshqa vositalar bilan bu shaxsni ushlash imkoni boʻlmasa;
qurolli qarshilik koʻrsatayotgan shaxsni, shuningdek oʻzidagi qurolni, oʻq-dorilarni, portlovchi moddalarni, portlatish qurilmalarini, zaharli yoki radioaktiv moddalarni topshirish toʻgʻrisidagi qonuniy talabni bajarishni rad etayotgan shaxsni ushlashda;
agar haydovchi qoʻriqlanadigan obyekt ishchilari va xizmatchilarining, qoʻriqlanadigan shaxsning hayotiga hamda sogʻligʻiga haqiqiy xavf tugʻdirsa va idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash hamda idoraviy qorovullik boʻlinmalari ishchisi va xizmatchisining qonuniy talablariga qaramasdan toʻxtashni rad etsa, ushbu transport vositasini unga shikast yetkazish yoʻli bilan toʻxtatishda;
insonning hayotiga va sogʻligʻiga tahdid solayotgan hayvonni zararsizlantirishda;
xizmat qurolini qoʻllash niyati toʻgʻrisida ogohlantirish sifatida oʻq otishda, yuqoriga qarata yoki boshqa xavfsiz yoʻnalishda oʻq otish orqali xavf-xatar signalini berishda yoki yordamga chaqirishda.
Idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash hamda idoraviy qorovullik boʻlinmalarining ishchisi va xizmatchisi xizmat qurolini qoʻllashdan oldin ogohlantirishi shart, bundan ularning oʻz hayotiga yoki fuqarolarning hayotiga bevosita xavf tahdid solayotgan hollar mustasno.
Ayollarga, nogironlik belgilari koʻrinib turgan shaxslarga, yoshi aniq koʻrinib turgan yoki maʼlum boʻlgan voyaga yetmaganlarga nisbatan xizmat qurolini qoʻllash taqiqlanadi, bundan ularning qurolli hujum qilganligi, qurolli qarshilik koʻrsatganligi yoki fuqarolarning yoxud idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash hamda idoraviy qorovullik boʻlinmalari ishchisi va xizmatchisining hayotiga va sogʻligʻiga tahdid etib, guruh boʻlib hujum qilganligi hollari mustasno.
