24-modda. Jismoniy kuch ishlatish
Qoʻriqlash faoliyati toʻgʻrisida (O‘RQ-778-son) · Sana: 15.06.2022 · Amalda
Agar kuch ishlatilmaydigan usullar idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash hamda idoraviy qorovullik boʻlinmalarining ishchilari va xizmatchilari zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarning bajarilishini taʼminlamasa, ular quyidagi hollarda shaxsan oʻzi yoki boʻlinma (guruh) tarkibida jismoniy kuch ishlatish, shu jumladan kurashning jang usullarini qoʻllash huquqiga ega boʻladi:
qoʻriqlanadigan obyektga tajovuzlarning oldini olishda va uning hududidagi gʻayriqonuniy xatti-harakatlarni toʻxtatishda;
qoʻriqlanadigan hududda huquqbuzarlik sodir etgan shaxsni ushlab turishda va uni huquqni muhofaza qiluvchi organlarga topshirishda;
qoʻriqlash boʻlinmasining harbiy xizmatchisi, xodimi, ishchisi va xizmatchisining qonuniy talablariga qarshilik koʻrsatilishini bartaraf etishda.
Qoʻriqlash boʻlinmalarining ishchilari va xizmatchilari ushbu Qonunda maxsus vositalar yoki xizmat quroli qoʻllanilishiga ruxsat etilgan hollarda ham jismoniy kuch ishlatish huquqiga ega.
Homiladorlik belgilari sezilib turgan ayollarga, nogironlik belgilari koʻrinib turgan shaxslarga, yoshi aniq koʻrinib turgan yoki maʼlum boʻlgan voyaga yetmaganlarga nisbatan jismoniy kuch ishlatish taqiqlanadi, bundan ularning qurolli qarshilik koʻrsatganligi, fuqarolarning yoxud qoʻriqlash faoliyatini amalga oshiruvchi subyekt harbiy xizmatchisining, xodimining, ishchisi va xizmatchisining hayotiga hamda sogʻligʻiga haqiqatda tahdid etib, hujum qilinganligi hollari mustasno.
