23-modda. Jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalarni va xizmat qurolini qoʻllash shartlari
Qoʻriqlash faoliyati toʻgʻrisida (O‘RQ-778-son) · Sana: 15.06.2022 · Amalda
Davlat organlari qoʻriqlash boʻlinmalarining harbiy xizmatchilari va xodimlari tomonidan jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalarni hamda xizmat qurolini qoʻllash qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash hamda idoraviy qorovullik boʻlinmalarining ishchilari va xizmatchilari xizmat majburiyatlarini bajarish chogʻida faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda xizmat qurolini hamda maxsus vositalarni olib yurish, jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalarni va xizmat qurolini qoʻllash huquqiga ega.
Idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash hamda idoraviy qorovullik boʻlinmalarining ishchilari va xizmatchilari maxsus tayyorgarlikdan, shuningdek jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalarni hamda xizmat qurolini qoʻllash bilan bogʻliq sharoitlardagi harakatlarga kasbiy yaroqliligini aniqlash uchun davriy tekshiruvlardan oʻtishi kerak. Maxsus tayyorgarlikdan oʻtgan ishchilar va xizmatchilarga belgilangan namunadagi sertifikatlar beriladi.
Idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash hamda idoraviy qorovullik boʻlinmalarining jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalarni va xizmat qurolini qoʻllash bilan bogʻliq sharoitlardagi harakatlarga kasbiy yaroqliligini aniqlash uchun tekshiruvdan oʻtmagan ishchilari va xizmatchilari jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalarni hamda xizmat qurolini qoʻllash bilan bogʻliq boʻlmagan boshqa lavozimga mehnat shartnomasiga muvofiq oʻtkaziladi yoki ular bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinadi.
Jismoniy kuch ishlatishdan, maxsus vositalarni hamda xizmat qurolini qoʻllashdan avval ularni qoʻllash niyati toʻgʻrisida aniq ifodalangan ogohlantirish boʻlishi kerak, bundan bunday ogohlantirishning imkoni boʻlmagan yoxud ularning qoʻllanilishini kechiktirish fuqarolarning, idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash hamda idoraviy qorovullik boʻlinmalari ishchisining va xizmatchisining hayoti hamda sogʻligʻi uchun bevosita xavf tugʻdiradigan va boshqa ogʻir oqibatlarga olib kelishi mumkin boʻlgan hollar mustasno.
Jismoniy kuch ishlatilishi, maxsus vositalarning yoki xizmat qurolining qoʻllanilishi yuzaga kelgan vaziyatga, shaxslar xatti-harakatlarining xususiyatiga va xavflilik darajasiga muvofiq boʻlishi kerak. Bunda idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash hamda idoraviy qorovullik boʻlinmalarining ishchilari va xizmatchilari har qanday zararning imkon qadar kam boʻlishiga intilishi shart.
