22-modda. Qoʻriqlash faoliyatini amalga oshiruvchi subyektlar harbiy xizmatchilarining, xodimlarining, ishchilari va xizmatchilarining kasbiy, jismoniy va jangovar tayyorgarligi
Qoʻriqlash faoliyati toʻgʻrisida (O‘RQ-778-son) · Sana: 15.06.2022 · Amalda
Davlat organlarining qoʻriqlash boʻlinmalari harbiy xizmatchilarining, xodimlarining, ishchilari va xizmatchilarining kasbiy, jismoniy hamda jangovar tayyorgarligini tashkil etish tartibi ular qaysi organning tasarrufida boʻlsa, oʻsha organ tomonidan belgilanadi.
Idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash hamda idoraviy qorovullik boʻlinmalarining ishchilari va xizmatchilari maxsus oʻquv dasturlari boʻyicha maxsus tayyorgarlikdan (xizmat tayyorgarligidan, jismoniy, jangovar tayyorgarlikdan) oʻtadi. Maxsus tayyorgarlik (xizmat tayyorgarligi, jismoniy, jangovar tayyorgarlik) boʻyicha mashgʻulotlar oʻtkaziladigan vaqt ish vaqtiga kiritiladi.
Qoʻriqlash faoliyatini amalga oshiruvchi subyektlarning harbiy xizmatchilari, xodimlari, ishchilari va xizmatchilari bir yilda bir marta majburiy tibbiy koʻrikdan oʻtadi, bundan qonunchilikda davlat organlarining qoʻriqlash boʻlinmalari xodimlari uchun majburiy tibbiy koʻrikdan oʻtishning boshqacha muddati belgilangan hollar mustasno.
Qoʻriqlash faoliyatini amalga oshiruvchi subyektlarning maxsus tayyorgarlik (xizmat tayyorgarligi, jismoniy, jangovar tayyorgarlik) boʻyicha oʻquv dasturlari fanlarini oʻzlashtirmagan harbiy xizmatchilariga, xodimlariga, ishchilari va xizmatchilariga qoʻriqlash faoliyatini amalga oshirish taqiqlanadi.
