21-modda. Qoʻriqlash faoliyatini amalga oshiruvchi subyektlarning harbiy xizmatchilarini, xodimlarini, ishchilari va xizmatchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish
Qoʻriqlash faoliyati toʻgʻrisida (O‘RQ-778-son) · Sana: 15.06.2022 · Amalda
Qoʻriqlash faoliyatini amalga oshiruvchi subyektlarning harbiy xizmatchilari, xodimlari, ishchilari va xizmatchilari quyidagi tartibda tayyorlash, qayta tayyorlash hamda malaka oshirish oʻquv kurslarida oʻquvdan oʻtadi:
davlat organlari qoʻriqlash boʻlinmalarining harbiy xizmatchilari, xodimlari, ishchilari va xizmatchilari — tegishli organlar tomonidan tasdiqlanadigan oʻquv dasturlari asosida;
xizmat qurolidan foydalanish huquqiga ega boʻlgan idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash hamda idoraviy qorovullik boʻlinmalarining ishchilari va xizmatchilari — shartnoma asosida Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining va Milliy gvardiyasining taʼlim muassasalarida hamda roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan boshqa taʼlim tashkilotlarida;
xizmat qurolidan foydalanish huquqiga ega boʻlmagan idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash hamda idoraviy qorovullik boʻlinmalarining ishchilari va xizmatchilari — mustaqil ravishda oʻz boʻlinmalarida, shuningdek ixtiyoriy tartibda — shartnoma asosida Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiyasi taʼlim muassasalarining oʻquv kurslarida.
