27-modda. Foydalanuvchilarning huquqlari
Pochta aloqasi toʻgʻrisida (O‘RQ-777-son) · Sana: 09.06.2022 · Amalda
Foydalanuvchilar quyidagi huquqlarga ega:
Oʻzbekiston Respublikasining butun hududida universal pochta xizmatlaridan foydalanish;
oʻz huquq va majburiyatlari, Pochta aloqasi xizmatlari koʻrsatish qoidalari, koʻrsatilayotgan xizmatlar va ushbu xizmatlarga doir tariflar haqidagi axborotdan foydalana olish;
pochta va kuryerlik joʻnatmalarini oʻzining pochta manzili boʻyicha, yoʻqlab olish tarzida yoki pochtomatdan olish;
oʻzining pochta manziliga kelib tushgan pochta yoki kuryerlik joʻnatmalaridan voz kechish;
qiymati eʼlon qilingan joʻnatma joylanmasining bahosi summasini joylanmaning haqiqiy qiymatiga muvofiq mustaqil ravishda aniqlash;
pochta aloqasi operatorlari va provayderlari tomonidan oʻz vaqtida hamda sifatli xizmat koʻrsatilishi;
pul mablagʻlarining pochta oʻtkazmalarini pochta manzili boʻyicha yoki yoʻqlab olish tarzida olish;
pochta yoki kuryerlik xizmatlari koʻrsatilmaganligi yoki lozim darajada koʻrsatilmaganligi natijasida yetkazilgan moddiy zararlarning oʻrni qoplanishi, maʼnaviy ziyon kompensatsiya qilinishi;
mansabdor shaxslarning foydalanuvchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzadigan qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ustidan bevosita sudga yoxud boʻysunuv tartibida yuqori turuvchi organga, mansabdor shaxsga shikoyat bilan murojaat etish.
Foydalanuvchilar qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
