326-modda. Senat qoʻmitalari tomonidan nazorat vakolatlarining amalga oshirilishi
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti toʻgʻrisida (523-II-son) · Sana: 29.08.2003 · Amalda
Senatning qoʻmitalari, shuningdek senatorlar davlat organlaridan va boshqa tashkilotlardan, mansabdor shaxslardan hujjatlarni, ekspert xulosalarini, statistika maʼlumotlarini va boshqa maʼlumotlarni soʻrab olishi mumkin.
Senatning qoʻmitalari yoki senatorlar tomonidan soʻralayotgan axborotni tegishli davlat organi, boshqa tashkilot, mansabdor shaxs murojaat olingan kundan eʼtiboran oʻn kundan kechiktirmay taqdim etishi kerak.
Senat qoʻmitalari qoʻmitalarning ish rejalariga, Senat va uning Kengashi qarorlariga muvofiq oʻz majlislarida davlat organlari rahbarlarining ular tomonidan qonunlarga rioya etilishi, Senat va uning Kengashi qarorlarining, palata qoʻmitalari qarorlarining bajarilishi toʻgʻrisidagi axborotini eshitishi mumkin.
Davlat organlari rahbarlarining axborotini eshitish yakunlari boʻyicha Senatning qoʻmitalari qarorlar qabul qiladi, qarorlar tegishli davlat organiga yuboriladi.
Senatning qoʻmitalari oʻz ish rejalariga muvofiq qonunlarning, Senat qarorlarining davlat organlari tomonidan ijro etilishi holatini, huquqni qoʻllash amaliyotini vaqti-vaqti bilan joylarga chiqib oʻrganadi.
Qonun hujjatlarining ijro etilishi holatini, huquqni qoʻllash amaliyotini oʻrganish yakunlari boʻyicha Senatning qoʻmitalari oʻz majlislarida davlat organlari rahbarlarining axborotini eshitishi, shuningdek oʻrganish natijalarini Senat koʻrib chiqishi uchun kiritish toʻgʻrisida qarorlar qabul qilishi mumkin.
Senatning qoʻmitalari yangi qabul qilingan qonunlar ijrosini taʼminlash uchun qonun osti hujjatlarining oʻz vaqtida qabul qilinishi yuzasidan monitoringni amalga oshiradi. Monitoringni amalga oshirish yakunlari Senat qoʻmitalarining majlislarida koʻrib chiqilishi mumkin.
