327-modda. Parlament tekshiruvi
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti toʻgʻrisida (523-II-son) · Sana: 29.08.2003 · Amalda
Mamlakatning xavfsizligi, barqaror rivojlanishi asoslariga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan, inson huquqlari va erkinliklariga, jamiyat va davlat manfaatlariga tahdid soladigan faktlar hamda voqealarni oʻrganish maqsadida Senat va Qonunchilik palatasining qoʻshma qarori bilan parlament tekshiruvi oʻtkazilishi mumkin.
Parlament tekshiruvini oʻtkazish uchun Senat aʼzolari va Qonunchilik palatasi deputatlari orasidan tenglik asosida maxsus komissiya tuzilib, u oʻz faoliyatini qonunga muvofiq amalga oshiradi.
Maxsus komissiya parlament tekshiruvini oʻtkazishda quyidagilarga haqli:
davlat organlarining, xoʻjalik boshqaruvi organlarining vakillarini, mutaxassislarni, ekspertlarni va olimlarni komissiya ishiga jalb etishga;
davlat organlaridan, xoʻjalik boshqaruvi organlaridan, boshqa tashkilotlardan, shuningdek fuqarolardan zarur maʼlumotlarni soʻrab olishga;
davlat organlarining, xoʻjalik boshqaruvi organlarining, boshqa tashkilotlarning mansabdor shaxslarini, shuningdek fuqarolarni tushuntirishlar berish uchun taklif etishga.
Maxsus komissiya Senatning va Qonunchilik palatasining qoʻshma qaroriga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
Maxsus komissiya bajarilgan ishlar toʻgʻrisida Senat va Qonunchilik palatasi tomonidan belgilangan muddatda ularni xabardor qiladi.
