49-modda. Garov toʻgʻrisidagi shartnomaga nisbatan qoʻllaniladigan qonunchilik
“Garov toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (614-I-son) · Sana: 01.05.1998 · Amalda
Garov toʻgʻrisidagi shartnomaning shakli, tomonlarning huquq va majburiyatlari, shartnomaning ijro etilishi va bekor qilinishi, shartnomani bajarmaslik yoki lozim darajada bajarmaslikning oqibatlari, talablardan oʻzganing foydasiga voz kechish va qarzni oʻtkazish, agar qonunda boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, tomonlarning kelishuviga koʻra tanlangan mamlakatning qonunchiligi bilan tartibga solinadi.
Garov toʻgʻrisidagi shartnomaga nisbatan qoʻllanilishi lozim boʻlgan qonunchilik toʻgʻrisida tomonlar oʻrtasida kelishuv boʻlmagan taqdirda, garovga qoʻyuvchi qaysi mamlakatda taʼsis etilgan boʻlsa, oʻz turar joyiga yoki asosiy faoliyat joyiga ega boʻlsa, ana shu mamlakat qonunchiligi qoʻllaniladi.
Koʻchmas mulk garovi garov toʻgʻrisidagi shartnomaga nisbatan qoʻllanilishi lozim boʻlgan qonunchilik toʻgʻrisida tomonlar oʻrtasida kelishuv boʻlmagan taqdirda, shu mol-mulk turgan mamlakatning qonunchiligi qoʻllaniladi.
Ijro etish usullari va tartibi, shuningdek lozim darajada bajarilmagan taqdirda koʻrilishi kerak boʻlgan choralar borasida qoʻllaniladigan qonunchilikdan tashqari shartnoma ijro etilayotgan mamlakatning qonunchiligi ham eʼtiborga olinadi.
