48-modda. Garovga oluvchining garov narsasiga boʻlgan oʻz huquqlarini himoya qilishi
“Garov toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (614-I-son) · Sana: 01.05.1998 · Amalda
Agar davlat boshqaruv organi yoki mahalliy davlat hokimiyati organi qonunchilikka nomuvofiq hujjat chiqarishi natijasida garov narsasiga egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish boʻyicha garovga oluvchining huquqlari buzilsa, bunday hujjat garovga oluvchining daʼvosiga binoan sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan hujjatlarni chiqarish natijasida garovga oluvchiga yetkazilgan zarar tegishli davlat boshqaruv organi yoki mahalliy davlat hokimiyati organi tomonidan toʻliq hajmda qoplanishi lozim.
Garovga qoʻyilgan mol-mulk oʻzida turgan yoki turishi lozim boʻlgan garovga oluvchi uni oʻzganing gʻayriqonuniy egaligidan, shu jumladan garovga qoʻyuvchining egaligidan talab qilishga haqli.
Shartnoma shartlariga koʻra oʻziga oʻtkazilgan garov narsasidan foydalanish huquqi garovga oluvchiga berilgan holda, u boshqa shaxslardan, shu jumladan garovga qoʻyuvchidan oʻz huquqining har qanday buzilishlari bartaraf etilishini, bu buzilishlar egalikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan boʻlsa ham, talab qilishi mumkin.
