47-modda. Garovga oluvchining va garovga qoʻyuvchining garovga qoʻyilgan mol-mulkka boʻlgan huquqlari qonunda nazarda tutilgan asoslarga binoan bekor boʻlganida garovga oluvchining manfaatlarini himoya qilish
“Garov toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (614-I-son) · Sana: 01.05.1998 · Amalda
Agar garovga qoʻyuvchining garov narsasi hisoblanuvchi mol-mulkka boʻlgan mulk huquqi mol-mulkning jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyilishi (qayta sotib olinishi), realizatsiya qilinishi yoki davlat mulkiga aylantirilishi oqibatida qonunda belgilangan asoslarda va tartibda bekor boʻlsa, garovga qoʻyuvchiga boshqa mol-mulk beriladi yoki tegishli tovon toʻlanadi. Bu holda garov huquqi evaziga berilgan mol-mulkka yoxud uning tovoniga nisbatan joriy qilinadi.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan qoidalar davlat organining garovga qoʻyilgan mol-mulkni yoki huquqlarni bevosita olib qoʻyishga qaratilmagan qarori munosabati bilan, shu jumladan garovga qoʻyilgan koʻchmas mulk turgan yer uchastkasini olib qoʻyish toʻgʻrisidagi qaror munosabati bilan garovga qoʻyilgan mol-mulkka nisbatan mulk huquqi bekor boʻlgan yoki garovga qoʻyilgan huquqlar bekor boʻlgan taqdirda joriy qilinadi.
Garov narsasi hisoblangan mol-mulk garovga qoʻyuvchidan amalda bu mol-mulkning mulkdori boshqa shaxs ekanligi asosida qonunda belgilangan tartibda olib qoʻyilganda ana shu mol-mulkka nisbatan garov bekor boʻladi.
Garov narsasi boʻlgan mol-mulk garovga qoʻyuvchidan jinoyat yoki boshqa huquqbuzarlik sodir etganlik uchun qonunda belgilangan tartibda olib qoʻyilganda, garovga oluvchida oʻz talablarini ushbu mol-mulk hisobidan ustuvor tarzda qanoatlantirish huquqi saqlab qolinadi.
