21-modda. Hujjatlarni koʻrib chiqish va hisob roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilish tartibi
Nobank kredit tashkilotlari va mikromoliyalashtirish faoliyati toʻgʻrisida (O‘RQ-765-son) · Sana: 20.04.2022 · Amalda
Ariza beruvchi tomonidan hisob roʻyxatidan oʻtkazish uchun taqdim etilgan hujjatlar ushbu Qonunning 20-moddasiga muvofiq taqdim etilgan taqdirda Markaziy bank tomonidan koʻrib chiqiladi. Boshqa hollarda Markaziy bank ular olingan kundan eʼtiboran besh kun ichida ariza beruvchiga hujjatlar koʻrib chiqilmasligi haqida xabarnoma yuboradi. Mazkur xabarnomada ushbu Qonunning 20-moddasiga muvofiq taqdim etilishi lozim boʻlgan hujjatlar roʻyxati ham koʻrsatiladi.
Hisob roʻyxatidan oʻtkazish uchun ariza beruvchi tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni koʻrib chiqqanlik uchun yigʻim undirilmaydi.
Hisob roʻyxatidan oʻtkazish yoki hisob roʻyxatidan oʻtkazishni asoslantirilgan holda rad etish toʻgʻrisidagi qaror hisob roʻyxatidan oʻtkazish uchun zarur boʻlgan hujjatlar olingan kundan eʼtiboran oʻn besh ish kuni ichida Markaziy bank tomonidan qabul qilinadi. Mikromoliya tashkiloti, ipotekani qayta moliyalashtirish tashkiloti, kafolatlar berish tashkiloti yoki faktoring tashkiloti norezidentlar tomonidan tashkil etilgan hollarda mazkur muddat oʻn ish kuniga uzaytirilishi mumkin.
Hisob roʻyxatidan oʻtkazish uchun taqdim etilgan hujjatlarni koʻrib chiqish davrida ularda koʻrsatilgan maʼlumotlar oʻzgargan taqdirda, ariza beruvchi bu haqda zudlik bilan Markaziy bankni xabardor qilishi va yangilangan hujjatlarni oʻzgartishlar yuzaga kelgan paytdan eʼtiboran uch ish kuni ichida taqdim etishi kerak. Bunda hisob roʻyxatidan oʻtkazish uchun taqdim etilgan hujjatlarni koʻrib chiqish muddati oʻn ish kuniga uzaytiriladi.
Ariza beruvchiga hisob roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi xabarnoma hisob roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan sanadan eʼtiboran bir ish kunidan kechiktirmay yuboriladi.
Hisob roʻyxatidan oʻtkazish haqidagi axborot hisob roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran bir ish kuni ichida Markaziy bankning rasmiy veb-saytida eʼlon qilinishi lozim.
