12-modda. Geografik koʻrsatkichlar sifatida roʻyxatdan oʻtkazilmaydigan belgilar
Geografik koʻrsatkichlar toʻgʻrisida (O‘RQ-757-son) · Sana: 03.03.2022 · Amalda
Quyidagi belgilar geografik koʻrsatkich sifatida roʻyxatdan oʻtkazilmaydi:
tovar qaysi geografik obyekt chegarasida dastlab ishlab chiqarilgan yoki fuqarolik muomalasiga kiritilgan va ishlab chiqarilish joyi bilan bogʻliq boʻlmagan muayyan turdagi tovarning belgisi sifatida Oʻzbekiston Respublikasida umumiy isteʼmolga kiritilgan boʻlsa, oʻsha geografik obyektning belgisi;
ayni bir turdagi tovarga nisbatan geografik koʻrsatkich yoki tovar kelib chiqqan joy nomi sifatida roʻyxatdan oʻtkazilgan belgi;
nisbatan ilgariroq ustuvorlikka ega boʻlgan tovar belgisi yoki xizmat koʻrsatish belgisi bilan bir xil yoxud unga aynan oʻxshash boʻlgan belgi, agar bunday geografik koʻrsatkichdan foydalanish tovar yoki uni tayyorlovchi xususida isteʼmolchini chalgʻitsa;
oʻsimlik navining yoki hayvon zotining nomini ifodalovchi belgi, agar bunday geografik koʻrsatkichdan foydalanish tovar xususida isteʼmolchini chalgʻitsa;
tovar yoki uni tayyorlovchi xususida isteʼmolchini chalgʻitadigan belgi;
ushbu Qonunning 11-moddasida nazarda tutilgan talablarga muvofiq boʻlmagan tovarga nisbatan geografik koʻrsatkich sifatida roʻyxatdan oʻtkazish uchun talabnoma berilgan belgi.
