13-modda. Talabnomaning davlat ekspertizasi
Geografik koʻrsatkichlar toʻgʻrisida (O‘RQ-757-son) · Sana: 03.03.2022 · Amalda
Talabnomaning davlat ekspertizasi Davlat muassasasi tomonidan amalga oshiriladi hamda u rasmiy ekspertizani va talabnomada ifodalangan belgining ekspertizasini oʻz ichiga oladi.
Talabnoma beruvchi talabnoma davlat ekspertizasidan oʻtkazilishi davrida bu talabnoma yuzasidan qaror qabul qilinguniga qadar oʻz tashabbusi bilan talabnoma materiallarini tuzatishga, aniqlashtirishga yoki ularni talabnomani mohiyatan oʻzgartirmaydigan materiallar bilan toʻldirishga haqli.
Davlat ekspertizasini oʻtkazish jarayonida qoʻshimcha materiallarsiz ekspertiza oʻtkazish mumkin boʻlmasa, Davlat muassasasi talabnoma beruvchidan bunday materiallarni soʻrab olishga haqli.
Davlat ekspertizasining soʻroviga koʻra qoʻshimcha materiallar soʻrov talabnoma beruvchiga joʻnatilgan sanadan eʼtiboran uch oy ichida taqdim etilishi kerak. Talabnoma beruvchining iltimosiga koʻra mazkur muddat koʻpi bilan olti oyga uzaytirilishi mumkin. Agar talabnoma beruvchi soʻralayotgan qoʻshimcha materiallarni yoki ularni taqdim etish muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi iltimosnomani koʻrsatilgan muddatda taqdim etmasa, talabnoma chaqirib olingan deb hisoblanadi.
Talabnoma beruvchi tomonidan oʻtkazib yuborilgan muddatlar talabnoma beruvchining mazkur muddatlar tugaganidan ikki oydan kechiktirmay bergan iltimosnomasiga binoan Davlat muassasasi tomonidan tiklanishi mumkin.
Talabnomani davlat ekspertizasidan oʻtkazish tartibi maʼmuriy reglamentda belgilanadi.
