11-modda. Talabnomaga doir talablar
Geografik koʻrsatkichlar toʻgʻrisida (O‘RQ-757-son) · Sana: 03.03.2022 · Amalda
Talabnoma bitta geografik koʻrsatkichga taalluqli boʻlishi kerak.
Talabnomada quyidagilar koʻrsatilishi kerak:
geografik koʻrsatkichni yoki geografik koʻrsatkichdan foydalanish huquqini roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi ariza;
talabnomada koʻrsatilgan belgi yoki, agar reyestrda roʻyxatdan oʻtkazilgan boʻlsa, geografik koʻrsatkich;
qaysi tovar turi uchun geografik koʻrsatkichni yoki geografik koʻrsatkichdan foydalanish huquqini roʻyxatdan oʻtkazish soʻralayotgan boʻlsa, oʻsha tovar turining nomi;
geografik obyektning chegaralaridagi tovar ishlab chiqariladigan joy;
tovarning xususiyatlari u ishlab chiqarilayotgan joyga bogʻliq ekanligiga taalluqli maʼlumotlar;
tovarning geografik jihatdan kelib chiqishiga, mazkur geografik obyekt uchun xos boʻlgan tabiiy sharoitlarga va (yoki) inson omillariga sezilarli darajada bogʻliq boʻlgan tovar xususiyatlarining tavsifi, shu jumladan tovarni ishlab chiqarish uchun foydalaniladigan boshlangʻich materialning tavsifi, tovarning fizik, kimyoviy, mikrobiologik, organoleptik yoki badiiy xususiyatlari;
agar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan geografik koʻrsatkichlarni roʻyxatdan oʻtkazish boʻyicha davlat xizmati koʻrsatishga doir maʼmuriy reglamentda (bundan buyon matnda maʼmuriy reglament deb yuritiladi) nazarda tutilgan boʻlsa, talabnomada bayon etilgan qoidalarga va tovarning aniq xususiyatlariga rioya etilganligini tasdiqlovchi vakolatli inspeksiya organlarining hamda laboratoriyalarning nomi va joylashgan yeri (pochta manzillari).
Talabnomani topshirishda patent boji toʻlanishi va talabnomaga quyidagilar ilova qilinishi kerak:
talabnoma patent vakili yoki ishonchli vakil orqali berilgan taqdirda talabnoma beruvchining ishonchnomasi;
agar talabnoma beruvchi Oʻzbekiston Respublikasi hududida tovarlar ishlab chiqarayotgan shaxs boʻlsa, talabnoma beruvchining mazkur geografik obyektda joylashganligini va xususiyatlari ushbu geografik obyekt bilan sezilarli darajada bogʻliq boʻlgan tovar ishlab chiqarayotganligini tasdiqlovchi hujjatlar;
agar talabnoma beruvchi Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida tovarlar ishlab chiqarayotgan shaxs boʻlsa, geografik obyekt joylashgan mamlakatda talabnomada bayon etilgan geografik koʻrsatkichdan foydalanish huquqini tasdiqlovchi hujjat.
Geografik koʻrsatkichni roʻyxatdan oʻtkazish uchun talabnoma birlashma tomonidan berilgan taqdirda, ushbu birlashmaga kiruvchi shaxslar tegishli xususiyatlarga ega boʻlgan tovarni ishlab chiqarayotganligini tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinadi.
