Atmosfera havosini muhofaza qilish toʻgʻrisida (353-I-son)
27.12.1996
Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
1-modda. Atmosfera havosi tabiatni muhofaza qilish obyekti sifatida
Atmosfera havosi tabiiy resurslarning tarkibiy qismi boʻlib, u umummilliy boylik hisoblanadi va davlat tomonidan muhofaza qilinadi.
2-modda. Atmosfera havosini muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonunchilik
Atmosfera havosini muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining atmosfera havosini muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
3-modda. Atmosfera havosini muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonunchilikning asosiy vazifalari
Atmosfera havosini muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonunchilikning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
atmosfera havosining tabiiy tarkibini saqlash;
atmosfera havosiga zararli kimyoviy, fizikaviy, biologik va boshqa xil taʼsir koʻrsatilishining oldini olish hamda kamaytirish;
davlat organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, jamoat birlashmalari va fuqarolarning atmosfera havosini muhofaza qilish sohasidagi faoliyatini huquqiy jihatdan tartibga solish.
4-modda. Fuqarolarning atmosfera havosini muhofaza qilish sohasidagi huquq va majburiyatlari
Fuqarolar quyidagi huquqlarga ega:
oʻz hayoti va sogʻligʻi uchun qulay atmosfera havosidan foydalanish;
atmosfera havosining holati hamda uni muhofaza qilish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida tegishli davlat organlaridan oʻz vaqtida va ishonchli axborot olish;
atmosfera havosiga ifloslantiruvchi moddalar va biologik organizmlar chiqarilishi hamda unga fizikaviy omillarning zararli taʼsir koʻrsatishi tufayli oʻz sogʻligʻiga va mol-mulkiga ziyon yetkazilgan hollarda zararning oʻrni qoplanishi;
atmosfera havosini muhofaza qilish masalalari boʻyicha jamoatchilik fikrini oʻrganishni va jamoatchilik ekologik ekspertizasini amalga oshirishda ishtirok etish.
Fuqarolar:
atmosfera havosini muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga rioya etishi;
atmosfera havosining ifloslanishiga, kamayishiga va unga fizikaviy omillarning zararli taʼsir koʻrsatishiga olib keluvchi harakatlarni sodir etmasligi shart.
5-modda. Atmosfera havosini muhofaza qilish sohasida davlat boshqaruvi
Atmosfera havosini muhofaza qilish sohasida davlat boshqaruvini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, ekologiya va iqlim oʻzgarishi sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi, mahalliy davlat hokimiyati organlari amalga oshiradilar.
51-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining atmosfera havosini muhofaza qilish sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
atmosfera havosini muhofaza qilish sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini taʼminlaydi;
atmosfera havosini muhofaza qilish sohasidagi davlat dasturlarining ishlab chiqilishini hamda amalga oshirilishini taʼminlaydi;
atmosfera havosiga ifloslantiruvchi moddalar chiqarilishi va unga fizikaviy omillarning zararli taʼsir koʻrsatishini tartibga soluvchi texnik reglamentlarni tasdiqlaydi;
atmosfera havosini muhofaza qilish sohasida nazoratni amalga oshirish tartibini belgilaydi.
52-modda. Ekologiya va iqlim oʻzgarishi sohasidagi maxsus vakolatli davlat organining atmosfera havosini muhofaza qilish sohasidagi vakolatlari
Ekologiya va iqlim oʻzgarishi sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi:
atmosfera havosini muhofaza qilish sohasida yagona davlat siyosatini ishlab chiqish hamda amalga oshirishda idoralararo hamkorlikni taʼminlaydi;
atmosfera havosini muhofaza qilish sohasidagi davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
atmosfera havosini muhofaza qilish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqishda ishtirok etadi;
atmosfera havosini muhofaza qilish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni oʻz vakolatlari doirasida ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;
atmosfera havosini muhofaza qilish sohasida davlat ekologik nazoratini amalga oshiradi.
53-modda. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining atmosfera havosini muhofaza qilish sohasidagi vakolatlari
Mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari atmosfera havosini muhofaza qilish sohasidagi hududiy dasturlarni tasdiqlaydi va ularning bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi.
Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari:
atmosfera havosini muhofaza qilish sohasidagi davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni ishlab chiqishda hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
atmosfera havosini muhofaza qilish sohasidagi hududiy dasturlarni ishlab chiqadi va mahalliy davlat hokimiyati vakillik organiga tasdiqlash uchun kiritadi hamda ularning amalga oshirilishini taʼminlaydi;
tegishli hududda atmosfera havosini muhofaza qilish sohasida davlat ekologik nazoratini amalga oshiradi.
54-modda. Fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining, nodavlat notijorat tashkilotlarining atmosfera havosini muhofaza qilishni taʼminlashda ishtirok etishi
Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari:
atmosfera havosini muhofaza qilish sohasidagi davlat dasturlarini, hududiy va boshqa dasturlarni amalga oshirishda ishtirok etadi;
atmosfera havosini muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonunchilikning ijrosi ustidan jamoatchilik ekologik nazoratini amalga oshiradi;
aholi oʻrtasida fuqarolarning atmosfera havosini muhofaza qilish sohasidagi huquqiy savodxonligini va ekologik madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan tushuntirish ishlarini amalga oshirishda ishtirok etadi.
6-modda. Atmosfera havosini muhofaza qilish sohasidagi standartlar
Atmosfera havosini muhofaza qilish sohasidagi standartlar atmosfera havosini muhofaza qilish tartibini, uning holati ustidan nazorat usullarini aniqlab beradi, atmosfera havosini muhofaza qilish boʻyicha oʻzga talablarni belgilaydi.
Inson uchun atmosfera havosini muhofaza qilish sohasidagi standartlar (sanitariya normalari) Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
Atrof tabiiy muhit obyektlari uchun atmosfera havosini muhofaza qilish, iqlimni va ozon qatlamini saqlash sohasidagi standartlar ekologiya va iqlim oʻzgarishi sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi tomonidan tasdiqlanadi.
7-modda. Atmosfera havosi sifatining normativlari
Atmosfera havosining holatini baholashda Oʻzbekiston Respublikasi hududi uchun atmosfera havosi sifatining quyidagi yagona normativlari belgilanadi:
atmosfera havosida ifloslantiruvchi moddalar va biologik organizmlarning inson va atrof tabiiy muhit obyektlari uchun yoʻl qoʻyiladigan darajada toʻplanishi;
fizikaviy omillar atmosfera havosiga akustik, elektromagnit, ionlashtiruvchi va boshqa xil zararli taʼsir koʻrsatishining inson va atrof tabiiy muhit obyektlari uchun yoʻl qoʻyiladigan darajalari.
Qonunchilikda ayrim mintaqalar uchun atmosfera havosi sifati normativlariga nisbatan oshirilgan talablar belgilab qoʻyilishi mumkin.
Atmosfera havosi sifati normativlari qonunchilikda belgilangan tartibda ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.
8-modda. Doimiy ifloslantiruvchi manbalarning atmosfera havosiga zararli taʼsir koʻrsatishi normativlari
Atmosfera havosiga ifloslantiruvchi moddalar, biologik organizmlar chiqarishning hamda unga fizikaviy omillar zararli taʼsir koʻrsatishining yoʻl qoʻyiladigan doiradagi normativlari atmosfera havosiga chiqindilar chiqaruvchi yoki zararli fizikaviy taʼsir koʻrsatuvchi har bir doimiy manba uchun ifloslantiruvchi moddalar, biologik organizmlar va fizikaviy taʼsir koʻrsatish omillarining har biri boʻyicha belgilanadi.
Havoni ifloslantiruvchi doimiy manbalardan atmosfera havosiga ifloslantiruvchi moddalar, biologik organizmlar chiqarishning yoʻl qoʻyiladigan doiradagi normativlari hamda unga fizikaviy omillar zararli taʼsir koʻrsatishining yoʻl qoʻyiladigan doiradagi normativlari korxonalar, muassasalar, tashkilotlar tomonidan ishlab chiqiladi va tegishincha ekologiya va iqlim oʻzgarishi sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
Atmosfera havosiga ifloslantiruvchi moddalar va biologik organizmlar chiqarishning yoʻl qoʻyiladigan doiradagi normativlarini, doimiy ifloslantiruvchi manbalar fizikaviy omillarining atmosfera havosiga zararli taʼsir koʻrsatishining yoʻl qoʻyiladigan doiradagi normativlarini ishlab chiqish va tasdiqlash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
10-modda. Koʻchma manbalardan atmosfera havosiga zararli taʼsir koʻrsatish normativlari
Oʻzbekiston Respublikasi hududida ishlab chiqariladigan va foydalaniladigan koʻchma manbalar uchun ishlatilgan gazlardagi ifloslantiruvchi moddalar va ular fizikaviy omillarining atmosfera havosiga zararli taʼsir koʻrsatish normativlari belgilanadi. Bu normativlarni ishlab chiqish va tasdiqlash tartibi tegishincha ekologiya va iqlim oʻzgarishi sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi va Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan belgilab qoʻyiladi.
11-modda. Doimiy ifloslantiruvchi manbalarning atmosfera havosiga ifloslantiruvchi moddalar chiqarishini tartibga solish
Doimiy ifloslantiruvchi manbalarning atmosfera havosiga ifloslantiruvchi moddalar chiqarishiga davlat ekologik ekspertizasining natijalariga koʻra belgilanadigan ifloslantiruvchi moddalar chiqarishning yoʻl qoʻyiladigan doiradagi normativlariga muvofiq yoʻl qoʻyiladi.
12-modda. Atmosfera havosiga fizikaviy omillarning zararli taʼsir koʻrsatishini tartibga solish
Atmosfera havosiga fizikaviy omillarning zararli taʼsir koʻrsatishi yoʻl qoʻyiladigan tegishli darajadan oshmasligi zarur.
13-modda. Atmosfera havosiga zararli taʼsir koʻrsatilishini cheklash, toʻxtatib turish yoki tugatish
Atmosfera havosiga doimiy va koʻchma ifloslantiruvchi manbalardan ifloslantiruvchi moddalar chiqarilishining yoʻl qoʻyiladigan doiradagi normativlarini buzish bilan bogʻliq boʻlgan faoliyat ekologiya va iqlim oʻzgarishi sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining vakolatlariga muvofiq ularning qarori bilan cheklanishi, toʻxtatib turilishi, zararli taʼsir koʻrsatish sabablarini bartaraf etish mumkin boʻlmagan taqdirda esa, tugatilishi mumkin. Tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini cheklash, toʻxtatib turish (bundan favqulodda vaziyatlar, epidemiyalar hamda aholining hayoti va sogʻligʻiga atrof tabiiy muhitning normativdan ortiq darajada ifloslanishi bilan bogʻliq xavf yuzaga kelishining oldini olish maqsadida oʻn ish kunidan koʻp boʻlmagan muddatga cheklash, toʻxtatib turish hollari mustasno) yoki tugatish sud tartibida amalga oshiriladi.
14-modda. Yoqilgʻi va yonilgʻi-moylash materiallariga doir talablar
Oʻzbekiston Respublikasi hududida foydalaniladigan yoqilgʻi va yonilgʻi-moylash materiallarining barcha turlari ekologiya va iqlim oʻzgarishi sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi bilan kelishilgan standartlar, texnik reglamentlar talablariga mos boʻlishi lozim.
15-modda. Oʻzbekiston Respublikasi hududiga transport vositalari va boshqa qatnov vositalari hamda qurilmalarini olib kirish va ularning kirib kelishi shartlari
Transport vositalari va boshqa qatnov vositalari hamda qurilmalari koʻrsatadigan salbiy taʼsir ishlatilgan gazlardagi ifloslantiruvchi moddalar miqdoriga va ular fizikaviy omillarining zararli taʼsir koʻrsatishiga doir Oʻzbekiston Respublikasi hududida amal qiladigan normativlardan oshmagan taqdirdagina Oʻzbekiston Respublikasi hududiga bu vositalar va qurilmalarni olib kirishga va ularning kirib kelishiga yoʻl qoʻyiladi.
16-modda. Transport vositalari va boshqa qatnov vositalari hamda qurilmalarini ishlab chiqarish va ulardan foydalanish
Ishlatilgan gazlar chiqarib yuborilganida ulardagi ifloslantiruvchi moddalarning miqdori yoki ular fizikaviy omillarining zararli taʼsir koʻrsatishi normativlardan yuqori boʻlgan transport vositalari va boshqa qatnov vositalari hamda qurilmalarini ishlab chiqarish va ulardan foydalanish taqiqlanadi.
Transport vositalari va boshqa qatnov vositalari hamda qurilmalarining egalari ishlatilgan gazlardagi ifloslantiruvchi moddalarning miqdori va ular fizikaviy omillarining zararli taʼsir koʻrsatishi normativlariga rioya qilinishini taʼminlashlari shart.
17-modda. Transport vositalari va boshqa qatnov vositalari hamda qurilmalarini taʼmirlaydigan va ularga texnik xizmat koʻrsatadigan korxonalar va tashkilotlar oldiga qoʻyiladigan talablar
Atmosfera havosiga zararli taʼsir koʻrsatuvchi transport vositalari va boshqa qatnov vositalari hamda qurilmalarini taʼmirlaydigan va ularga texnik xizmat koʻrsatadigan korxonalar va tashkilotlar ishlatilgan gazlardagi ifloslantiruvchi moddalar miqdorining hamda ular fizikaviy omillari zararli taʼsir koʻrsatishining normativlarga muvofiqligini tekshirish va tartibga solib turishni taʼminlaydilar.
18-modda. Kimyoviy moddalarni ishlab chiqarish va ulardan foydalanish
Kimyoviy moddalarni ishlab chiqaruvchi yoki ulardan foydalanuvchi korxona va tashkilotlar bunday moddalarning atmosfera havosida yoʻl qoʻyiladigan darajada toʻplanish normativlarini, ularni nazorat qilish usullari va ekologik-toksikologik pasportlarini ekologiya va iqlim oʻzgarishi sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi belgilagan tartibda ishlab chiqadilar.
Ishlatish taqiqlangan va ishlatishga yaroqsiz boʻlib qolgan kimyoviy moddalarni zararsizlantirish davlat ekologik ekspertizasining ijobiy xulosasi mavjud boʻlganda, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.
Oʻsimliklarni himoya qilish vositasi, ularning oʻsishini tezlashtiruvchi omil, mineral oʻgʻit va boshqa preparatlar sifatida kimyoviy moddalarni ishlatishga qishloq xoʻjaligi oʻsimliklarini himoya qilish vositalarini qoʻllash reglamentiga muvofiq yoʻl qoʻyiladi.
19-modda. Ozon qatlamiga zararli taʼsir koʻrsatishning oldini olishga doir talablar
Obyektlarni loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish, kapital taʼmirlashda, xoʻjalik va boshqa faoliyatni amalga oshirishda korxonalar, muassasalar va tashkilotlar ozonni buzuvchi moddalardan, tarkibida ozonni buzuvchi moddalar mavjud boʻlgan uskunalar va texnik qurilmalardan foydalanish hamda qoʻllashni tartibga solishga doir chora-tadbirlarga rioya etishi lozim.
Tarkibida ozonni buzuvchi moddalar mavjud boʻlgan buyumlardan foydalanuvchi va ularni taʼmirlovchi korxonalar, muassasalar hamda tashkilotlar bunday moddalar hisobga olinishini va ular ozon uchun xavfsiz moddalar bilan almashtirilishini taʼminlashi lozim.
Ozonni buzuvchi moddalar va tarkibida ular mavjud boʻlgan mahsulotlarning importi hamda eksporti ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan beriladigan ruxsatnomalar asosida amalga oshiriladi.
20-modda. Mineral xom ashyoni qazib olish, tashish va qayta ishlash paytida atmosfera havosini muhofaza qilishga doir talablar
Mineral xom ashyoni qazib olish, tashish va qayta ishlash atmosfera havosini ifloslantirishning oldini olish yoki ifloslantirish darajasini kamaytirish qoidalariga rioya qilgan holda ekologiya va iqlim oʻzgarishi sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi bilan kelishilgan usullarda amalga oshirilishi shart.
21-modda. Ishlab chiqarish va isteʼmol chiqindilarini joylashtirish yoki koʻmib tashlashga doir talablar
Atmosfera havosini ifloslantiruvchi manba boʻlishi yoki havoga boshqa tarzda zararli taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan texnogen hosilalarni aholi punktlari hududida yoki ularga yaqin yerlarda joylashtirish taqiqlanadi.
Atmosfera havosini ifloslantiruvchi manba hisoblanadigan ishlab chiqarish va isteʼmol chiqindilari qayta ishlanishi, tozalanishi, dezodoratsiya qilinishi yoki maxsus poligonlarda saqlanishi zarur, bunday poligonlarning joyi davlat ekologik ekspertizasining ijobiy xulosasi mavjud boʻlganda, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan kelishilgandan soʻng ekologiya va iqlim oʻzgarishi sohasidagi maxsus vakolatli davlat organining taklifiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
22-modda. Atmosfera havosining holatiga taʼsir koʻrsatuvchi korxonalar, inshootlar, transport magistrallari va boshqa obyektlarni joylashtirish, loyihalash, qurish, qayta qurish va foydalanishga topshirish
Korxonalar, inshootlar, transport magistrallari va boshqa obyektlarni joylashtirish, loyihalash, qurish, qayta qurish va foydalanishga topshirish, ishlab turgan texnologiya jarayonlari va asbob-uskunalarni takomillashtirish hamda yangilarini joriy etish atmosfera havosini muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya qilgan holda amalga oshirilishi shart.
Atmosfera havosining holatiga taʼsir koʻrsatuvchi korxonalar, inshootlar, transport magistrallari va boshqa obyektlarni qurish joylarini belgilash, ularni qurish hamda qayta qurish loyihalari tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari, shuningdek ekologiya va iqlim oʻzgarishi sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi va Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan kelishib olinadi.
23-modda. Kashfiyotlar, ixtirolar, sanoat namunalarini, texnika va texnologiyalarni joriy etish paytida atmosfera havosini muhofaza qilish talablariga rioya etish
Atmosfera havosining holatiga, iqlimga va ozon qatlamiga zararli taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan kashfiyotlar, ixtirolar, sanoat namunalarini joriy etishni, texnika, texnologiyalar, asbob-uskunalar, xom ashyo va materiallardan, yoqilgʻidan foydalanishni hamda tayyor mahsulot chiqarishni sertifikatsiz yoki unda belgilangan koʻrsatkichdan chetga chiqqan holda amalga oshirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
24-modda. Korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning atmosfera havosini muhofaza qilish sohasidagi majburiyatlari
Faoliyati atmosfera havosiga ifloslantiruvchi moddalarni, biologik organizmlarni, issiqxona gazlarini va ozonni buzuvchi moddalarni chiqarish hamda unga fizikaviy omillarning zararli taʼsir koʻrsatishi bilan bogʻliq boʻlgan korxonalar, muassasalar va tashkilotlar:
atmosfera havosiga chiqariladigan chiqindilarni tozalash va unga zararli fizikaviy taʼsirni kamaytirish uchun inshootlar, qurilmalar va asbob-uskunalardan, shuningdek ularning ustidan nazorat qilish vositalaridan foydalanish hamda ularning ishlash qoidalariga rioya etishi;
ozonni buzuvchi moddalarning hisobini yuritishi, ularning atmosfera havosiga chiqarilishiga yoʻl qoʻymasligi, retsirkulyatsiyani (ularni qayta ishlatish maqsadida birlamchi tozalashni) amalga oshirishi;
xoʻjalik obyektlari tevaragida sanitariya-muhofaza zonalarini barpo etishi;
atmosfera havosiga ifloslantiruvchi moddalar chiqarishning yoʻl qoʻyiladigan doiradagi normativlarini belgilashi;
atmosfera havosiga ifloslantiruvchi moddalar chiqarishni hamda unga zararli fizikaviy taʼsirni kamaytirish va (yoki) bartaraf etish chora-tadbirlarini koʻrishi;
atmosfera havosiga ifloslantiruvchi moddalar chiqarilishi hamda unga fizikaviy omillar zararli taʼsirining yoʻl qoʻyiladigan doiradagi normativlariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirishi, ularning hisobini yuritishi va statistika hisobotini taqdim etishi;
atmosfera havosiga ifloslantiruvchi moddalar chiqarilishining sifat va miqdoriy tarkibini aniqlash uchun namunalar olinishini taʼminlashi hamda oʻlchovlarni amalga oshirishi;
yoqish uchun moʻljallanmagan joylarda va (yoki) qurilmalarda yoqilgʻining, yoqilgʻi sifatida foydalaniladigan moddalarning yoki moddalar aralashmasining yoqilishiga, shuningdek yoqilgʻi hisoblanmaydigan materiallar va chiqindilarning yoqilishiga yoʻl qoʻymasligi, bundan yoqish maxsus uskunalardan foydalanib hamda atmosfera havosini muhofaza qilish toʻgʻrisidagi va chiqindilar toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga rioya etgan holda amalga oshirilgan hollar mustasno;
energiyani tejovchi va (yoki) resurslarni tejovchi texnologiyalarni joriy etish hamda ekologik jihatdan toza energiya manbalaridan foydalanish chora-tadbirlarini koʻrishi;
meteorologik sharoitlar noqulay kelishi kutilayotganligi munosabati bilan atmosfera havosiga ifloslantiruvchi moddalar va biologik organizmlar chiqarilishini kamaytirish yuzasidan ekologiya va iqlim oʻzgarishi sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi bilan kelishilgan tadbirlarni bajarishi;
korxonalar va transport kommunikatsiyalarining taʼsir doirasida atrof-muhitga hamda aholi sogʻligʻiga zararli taʼsir koʻrsatilishini baholashdan oʻtkazishi;
kuchli taʼsir etuvchi zaharli moddalarni hamda bugʻlanuvchi birikmalarni saqlash, tashish shartlariga, ulardan foydalanish va ulardan boʻshagan idishlarni zararsizlantirish qoidalariga rioya etishi;
atmosfera havosiga biryoʻla va avariya tufayli ifloslantiruvchi moddalar chiqarilishining, yashirin xavfli vaziyatlar yuzaga kelishining oldini olish, shuningdek atmosfera havosining transchegaraviy ifloslanishini kamaytirish yuzasidan choralar koʻrishi;
chiqindilarning utilizatsiya qilinishini taʼminlashi hamda ular toʻplanib qolganida va qayta ishlanayotganida atmosfera havosini ifloslantirishning oldini olish choralarini koʻrishi shart.
Atrof-muhitga taʼsir koʻrsatishning I va II toifalariga mansub faoliyat turlari bilan shugʻullanuvchi yuridik shaxslar atmosfera havosiga ifloslantiruvchi moddalarni chiqaruvchi ustuvor manbalarni avtomatik stansiyalar bilan jihozlashi, ularni Atrof-muhit davlat monitoringi tizimining yagona geoaxborot maʼlumotlar bazasiga integratsiya qilishi hamda ushbu bazaga maʼlumotlarning toʻgʻri, toʻliq va oʻz vaqtida kiritilishini taʼminlashi shart.
Atmosfera havosini muhofaza qilish tadbirlarining bajarilishi tuproq, suv va atrof-muhitning boshqa obyektlari ifloslanishiga olib kelmasligi kerak.
25-modda. Atmosfera havosiga zararli taʼsir koʻrsatganlik uchun kompensatsiya toʻlovlari
Atmosfera havosiga zararli taʼsir koʻrsatganlik uchun kompensatsiya toʻlovlari korxonalar, muassasalar va tashkilotlardan qonunchilikda belgilab qoʻyiladigan tartibda va miqdorlarda undirib olinadi.
Atmosfera havosiga ifloslantiruvchi moddalarni biologik organizmlarni va issiqxona gazlarini chiqarganlik, unga fizikaviy omillarning zararli taʼsir koʻrsatganligi uchun kompensatsiya toʻlovlarini toʻlash korxonalar, muassasalar va tashkilotlarni havoni muhofaza qilish tadbirlarini bajarishdan hamda yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash majburiyatidan ozod etmaydi.
26-modda. Atmosfera havosini muhofaza qilish sohasida davlat hisobini yuritish
Quyidagilar davlat tomonidan hisobga olinishi zarur:
atmosfera havosining holatiga zararli taʼsir koʻrsatayotgan yoki zararli taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan obyektlar;
atmosfera havosiga chiqarilayotgan ifloslantiruvchi moddalar, biologik organizmlar, issiqxona gazlari va ozonni buzuvchi moddalarning turlari va miqdori;
atmosfera havosiga fizikaviy omillar koʻrsatadigan zararli taʼsirning turlari va hajmlari.
Atmosfera havosini muhofaza qilish sohasida davlat hisobini yuritish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibda yagona tizim boʻyicha amalga oshiriladi.
27-modda. Atmosfera havosi monitoringi
Atmosfera havosining holatini kuzatish, u haqdagi axborotni toʻplash, umumlashtirish, tahlil etish va istiqbolni belgilash atrof tabiiy muhitning davlat monitoringi yagona tizimi boʻyicha qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
28-modda. Atmosfera havosini muhofaza qilish ustidan nazorat
Atmosfera havosini muhofaza qilish ustidan davlat ekologik nazorati maxsus vakolatli davlat organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan oʻz vakolatlari doirasida amalga oshiriladi.
Ekologiya va iqlim oʻzgarishi sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi atmosfera havosini muhofaza qilish ustidan ekologik nazorat boʻyicha maxsus vakolatli davlat organlaridir.
Ekologiya va iqlim oʻzgarishi sohasidagi maxsus vakolatli organ quyidagilarni amalga oshiradi:
atmosfera havosini ifloslantiruvchi manbalarning holati, atmosfera havosini muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonunchilik talablari yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan bajarilishi ustidan davlat ekologik nazoratini;
davlat va idoraviy ekologik nazorat sohasida respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining va xoʻjalik boshqaruvi organlarining faoliyati muvofiqlashtirilishini.
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi sanitariya-muhofaza va turar joy zonalarida atmosfera havosiga zararli taʼsir koʻrsatilishi ustidan davlat ekologik nazoratini amalga oshiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi foydalanilishi atmosfera havosiga zararli taʼsir koʻrsatadigan avtomototransport vositalari ustidan davlat ekologik nazoratini amalga oshiradi.
Atmosfera havosini muhofaza qilish ustidan idoraviy, ishlab chiqarish va jamoatchilik ekologik nazorati qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
29-modda. Atmosfera havosini muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Atmosfera havosini muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
Korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va fuqarolar atmosfera havosini muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzish oqibatida yetkazilgan zararning oʻrnini qonunchilikda belgilangan tartibda qoplashi shart. Zararning oʻrnini qoplash aybdorlarni qonunchilikka muvofiq javobgarlikka tortishdan ozod etmaydi”.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1996-yil 27-dekabr,
353-I-son
