4-modda. Fuqarolarning atmosfera havosini muhofaza qilish sohasidagi huquq va majburiyatlari
Atmosfera havosini muhofaza qilish toʻgʻrisida (353-I-son) · Sana: 27.12.1996 · Amalda
Fuqarolar quyidagi huquqlarga ega:
oʻz hayoti va sogʻligʻi uchun qulay atmosfera havosidan foydalanish;
atmosfera havosining holati hamda uni muhofaza qilish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida tegishli davlat organlaridan oʻz vaqtida va ishonchli axborot olish;
atmosfera havosiga ifloslantiruvchi moddalar va biologik organizmlar chiqarilishi hamda unga fizikaviy omillarning zararli taʼsir koʻrsatishi tufayli oʻz sogʻligʻiga va mol-mulkiga ziyon yetkazilgan hollarda zararning oʻrni qoplanishi;
atmosfera havosini muhofaza qilish masalalari boʻyicha jamoatchilik fikrini oʻrganishni va jamoatchilik ekologik ekspertizasini amalga oshirishda ishtirok etish.
Fuqarolar:
atmosfera havosini muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga rioya etishi;
atmosfera havosining ifloslanishiga, kamayishiga va unga fizikaviy omillarning zararli taʼsir koʻrsatishiga olib keluvchi harakatlarni sodir etmasligi shart.
