28-modda. Atmosfera havosini muhofaza qilish ustidan nazorat
Atmosfera havosini muhofaza qilish toʻgʻrisida (353-I-son) · Sana: 27.12.1996 · Amalda
Atmosfera havosini muhofaza qilish ustidan davlat ekologik nazorati maxsus vakolatli davlat organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan oʻz vakolatlari doirasida amalga oshiriladi.
Ekologiya va iqlim oʻzgarishi sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi atmosfera havosini muhofaza qilish ustidan ekologik nazorat boʻyicha maxsus vakolatli davlat organlaridir.
Ekologiya va iqlim oʻzgarishi sohasidagi maxsus vakolatli organ quyidagilarni amalga oshiradi:
atmosfera havosini ifloslantiruvchi manbalarning holati, atmosfera havosini muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonunchilik talablari yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan bajarilishi ustidan davlat ekologik nazoratini;
davlat va idoraviy ekologik nazorat sohasida respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining va xoʻjalik boshqaruvi organlarining faoliyati muvofiqlashtirilishini.
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi sanitariya-muhofaza va turar joy zonalarida atmosfera havosiga zararli taʼsir koʻrsatilishi ustidan davlat ekologik nazoratini amalga oshiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi foydalanilishi atmosfera havosiga zararli taʼsir koʻrsatadigan avtomototransport vositalari ustidan davlat ekologik nazoratini amalga oshiradi.
Atmosfera havosini muhofaza qilish ustidan idoraviy, ishlab chiqarish va jamoatchilik ekologik nazorati qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
