6-modda. Fermer xoʻjaligini tashkil etish tartibi
Fermer xoʻjaligi toʻgʻrisida (602-I-son) · Sana: 30.04.1998 · Kuchini yo'qotgan
Fermer xoʻjaligi ixtiyoriy ravishda xoʻjalik boshligʻining qishloq xoʻjaligi kooperativi (shirkat xoʻjaligi) boshqaruviga va tuman hokimiga yozma murojaati asosida tashkil etiladi. Arizada soʻralayotgan yer uchastkasining joylashgan manzili, maydoni, fermer xoʻjaligining tarkibi koʻrsatiladi hamda tovar qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishini tashkil etishning biznes-rejasi taqdim etiladi.
Qishloq xoʻjaligi kooperativi (shirkat xoʻjaligi) boshqaruvi fermer xoʻjaligini tashkil etish toʻgʻrisidagi masalani umumiy majlis muhokamasiga kiritadi, umumiy majlis bu xususda tegishli qaror qabul qiladi. Tuman hokimi qishloq xoʻjaligi kooperativi (shirkat xoʻjaligi) umumiy majlisining qarori asosida, yer uchastkalari berish masalalarini koʻrish boʻyicha tuman komissiyasining xulosasini inobatga olgan holda fermer xoʻjaligini tashkil etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Tuman hokimining fermer xoʻjaligini tashkil etish toʻgʻrisidagi qarori tumanning moliyaviy, bank, soliq va boshqa tuzilmalari uchun majburiy hujjatdir.
