5-modda. Fermer xoʻjaligini tashkil etish shartlari
Fermer xoʻjaligi toʻgʻrisida (602-I-son) · Sana: 30.04.1998 · Kuchini yo'qotgan
Fermer xoʻjaligi tanlov asosida, aksariyat hollarda mehnat resurslari ortiqchaligi sezilmayotgan yerlarda va hududlarda tashkil etiladi.
Chorvachilik mahsuloti yetishtirishga ixtisoslashtirilgan fermer xoʻjaligi kamida 30 shartli bosh chorva moli boʻlgan taqdirda tashkil etiladi. Fermer xoʻjaligiga ijaraga beriladigan yer uchastkalarining eng kam oʻlchami bir shartli bosh chorva molga hisoblaganda Andijon, Namangan, Samarqand, Toshkent, Fargʻona va Xorazm viloyatlaridagi sugʻoriladigan yerlarda kamida 0,3 gektar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va boshqa viloyatlardagi sugʻoriladigan yerlarda kamida 0,45 gektar, sugʻorilmaydigan (lalmikor) yerlarda esa kamida 2 gektarni tashkil etadi.
Dehqonchilik mahsuloti yetishtirishga ixtisoslashtirilgan fermer xoʻjaliklariga ijaraga beriladigan yer uchastkalarining eng kam oʻlchami paxtachilik va gʻallachilik uchun kamida 10 gektar, bogʻdorchilik, uzumchilik, sabzavotchilik va boshqa ekinlarni yetishtirish uchun kamida 1 gektarni tashkil etadi.
Yer uchastkalari berilganda fermer xoʻjaligi oʻz zimmasiga qishloq xoʻjalik ekinlarining hosildorligi (uch yil uchun oʻrtacha yillik hosil hisobida) yerning kadastr bahosidan kam boʻlmasligini taʼminlash majburiyatini oladi. Bu majburiyat yer uchastkasini ijaraga olish shartnomasida mustahkamlab qoʻyiladi.
