19-modda. Fermer xoʻjaligining mulki
Fermer xoʻjaligi toʻgʻrisida (602-I-son) · Sana: 30.04.1998 · Kuchini yo'qotgan
Fermer xoʻjaligi:
oʻziga qarashli uy-joylar, xoʻjalik imoratlari, qishloq xoʻjalik ekinzorlari va koʻchatzorlari, dov-daraxtlar, mahsuldor chorva mollar, parrandalar, qishloq xoʻjalik texnikasi, asbob-uskuna va ashyo-anjomlari, transport vositalari, pul mablagʻlari, intellektual mulk obyektlari, shuningdek boshqa mol-mulklarga;
ishlab chiqarish faoliyati natijasida yetishtirilgan mahsulotga;
olingan daromadlarga (foydalarga);
qonunda taqiqlanmagan asoslarda ega boʻlingan boshqa mol-mulkka mulkdordir.
Quyidagilar:
fermer xoʻjaligi aʼzolarining pul va moddiy mablagʻlari;
tovarlar, ishlar, xizmatlar realizatsiyasidan, shuningdek faoliyatning boshqa turlaridan olingan daromadlar (foydalar);
qimmatli qogʻozlardan olingan daromadlar;
kreditlar;
yuridik va jismoniy shaxslarning begʻaraz xayriya va boshqa badallari, ehsonlari;
qonunlarda taqiqlanmagan boshqa manbalar fermer xoʻjaligining pul jamgʻarmalarini hosil etish manbalari boʻlishi mumkin.
