11-modda. Siyosiy partiyaning faoliyatini tugatish
Siyosiy partiyalar toʻgʻrisida (337-I-son) · Sana: 26.12.1996 · Amalda
Siyosiy partiyaning faoliyati quyidagi tarzda tugatiladi:
partiyaning oʻz ustaviga muvofiq tarqalib ketishi orqali, bu haqda partiya oliy organi uch kunlik muddat ichida Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga xabar qiladi;
partiya ushbu Qonun 3-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan xatti-harakatlarni sodir etgan hollarda yoki oʻz faoliyati toʻxtatib qoʻyilganidan soʻng bir yil muddat ichida oʻsha xatti-harakatlarni takror sodir etgan hollarda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining yoki Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining taqdimnomasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining qarori bilan.
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining siyosiy partiya faoliyati tugatilganligi toʻgʻrisidagi rasmiy xabari ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilingan kundan boshlab siyosiy partiyaning faoliyati tugaydi.
