10-modda. Siyosiy partiyaning faoliyatini toʻxtatib turish
Siyosiy partiyalar toʻgʻrisida (337-I-son) · Sana: 26.12.1996 · Amalda
Siyosiy partiya Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasini, ushbu Qonunni, boshqa qonunchilik hujjatlarini yoki oʻz ustavini buzgan taqdirda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qonunchilikning yoki ustavning qaysi normalari buzilganligini koʻrsatgan holda bu xususda partiya rahbar organlariga yozma tarzda xabar qiladi va bunday buzishlarni bartaraf etish uchun muddat belgilaydi. Agar buzishlar belgilangan muddat davomida bartaraf etilmasa, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi yoki Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining taqdimnomasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi siyosiy partiyaning faoliyatini olti oygacha muddatga toʻxtatib turishi mumkin.
Siyosiy partiyaning faoliyati toʻxtatib turilgan taqdirda, shu muddat davomida partiyaning har qanday ommaviy axborot vositalaridan foydalanishi, targʻibot va tashviqot ishlarini olib borishi, saylovlarda ishtirok etishi man qilinadi.
