12-modda. Siyosiy partiyalarning huquqlari
Siyosiy partiyalar toʻgʻrisida (337-I-son) · Sana: 26.12.1996 · Amalda
Siyosiy partiyalar quyidagi huquqlarga ega:
oʻz faoliyati toʻgʻrisidagi axborotni erkin tarqatish, oʻz gʻoyalari, maqsadlari va qarorlarini targʻib qilish;
saylab qoʻyiladigan davlat organlaridagi oʻz vakillari orqali tegishli qarorlarni tayyorlashda ishtirok etish;
qonunda belgilab qoʻyilgan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, davlat hokimiyati organlari saylovlarida ishtirok etish;
partiya faoliyati bilan bogʻliq yigʻilishlar, konferensiyalar va boshqa tadbirlarni oʻtkazish;
qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda ommaviy axborot vositalari taʼsis etish va boshqa ommaviy axborot vositalaridan foydalanish;
Oʻzbekiston Respublikasining siyosiy partiyalari bilan ittifoq (blok) tuzish, ular bilan va boshqa jamoat birlashmalari bilan shartnoma munosabatlari oʻrnatish.
Siyosiy partiyalar ushbu Qonunda hamda Oʻzbekiston Respublikasining boshqa qonun hujjatlarida nazarda tutilgan oʻzga huquqlarga ham ega boʻlishlari mumkin.
