42-modda. Taʼlimni pul bilan taʼminlash
Taʼlim toʻgʻrisida (636-XII-son) · Sana: 02.07.1992 · Amalda
Davlat tasarrufidagi taʼlim muassasalarini pul bilan taʼminlash respublika va mahalliy budjetlar hisobidan korxona, birlashma, tashkilotlarning va ayrim shaxslarning mablagʻlari hamda qoʻshimcha manbalar hisobidan davlat meʼyorlari asosida amalga oshiriladi.
Davlat taʼlimga uning ustuvorligini taʼminlaydigan miqdorda har yili mablagʻlar ajratishni, shuningdek har bir tarbiyalanuvchi yoki taʼlim oluvchiga xarajat meʼyorlarini muntazam ravishda oshira borib, jahon standartlari darajasiga yetkazishniga kafolatlaydi.
Taʼlim muassasalari aholiga, korxona va tashkilotlarga taʼlim borasida haqi toʻlanadigan (pullik) xizmat koʻrsatishga, shuningdek amaldagi qonunda taqiqlanmagan boshqa turdagi tijorat faoliyati bilan shugʻullanishga haqlidirlar.
Oʻquvchilar va talabalardan taʼlim uchun haq undirish tartibi Oʻzbekiston Respublikasining qonunlari bilan tartibga solinadi.
Quyidagilar, chunonchi:
tuzilgan shartnomalarga, shu jumladan ajnabiy davlatlar bilan tuzilgan shartnomalarga binoan xodimlar taiyorlash, ularning kasb-kor malakasini oshirish va ularni qayta taiyorlashdan olingan mablagʻlar;
taʼlim sohasida qoʻshimcha xizmatlar koʻrsatishdan tushgan mablagʻlar;
taʼlim muassasalari korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va ayrim shaxslarning buyurtmalari boʻyicha bajargan ilmiy-tadqiqot ishlari va boshqa ishlar uchun olingan mablagʻlar;
oʻquv-ishlab chiqarish ustaxonalari, korxonalari, sexlarining va taʼlim muassasalari xoʻjaliklar uning mahsulotlarini realizatsiya qilishdan, ularning binolar, inshootlar va asbob-uskunalarni ijaraga berishidan olingan daromad yoʻsinidagi mablagʻlar;
mahalliy hokimiyat va boshqaruv idoralarining dotatsiyalar, banklarning kreditlari va ssudalari yoʻsinidagi mablagʻlar;
korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va ayrim shaxslar ixtiyoriy ravishda beradigan pul badallari, moddiy boyliklar pul bilan taʼminlash qoʻshimcha manbalari hisoblanadi.
Davlat tasarrufida boʻlmagan taʼlim muassasalari muassislar taʼminotida boʻladilar. Bunday muassasalarning davlat standartlari darajasida taʼlim berishni taʼminlayotganlariga qonunlarda belgilangan tartibda mablagʻ ajratilishi mumkin.
