41-modda. Taʼlim muassasalarining moddiy-texnika bazasi
Taʼlim toʻgʻrisida (636-XII-son) · Sana: 02.07.1992 · Amalda
Taʼlim muassasalarining moddiy-texnika bazasi taʼlim va tarbiya berish, ilmiy-metodik va ilmiy-tadqiqot ishlari oʻtkazish hamda taʼlim sohasida boshqa vazifalarni hal etish uchun foydalaniladigan er, binolar, tajribaxonalar, kutubxonalar, sport inshootlari, aloqa vositalari, mashinalar va asbob-uskunalarni, transport vositalari va boshqa mol-mulkni oʻz ichiga oladi.
Taʼlim muassasalarining moddiy-texnika bazasi respublika va mahalliy budjetlarning mablagʻlari hisobidan, shuningdek pul bilan taʼminlashning qoʻshimcha manbalari hisobidan rivojlantiriladi.
Taʼlim muassasalarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish, shu jumladan bunday muassasalarni loyihalash va qurish ishlari jahon tajribasi yutuqlarini hisobga olgan holda meʼyoriy asosda ustuvor tartibda amalga oshiriladi.
Taʼlim muassasalariga berilgan davlat mol-mulkiga soliq solinmaydi, bu mol-mulk tortib olinmaydi yoki ulardan koʻzlangan asosiy vazifalar boʻlak maqsadlarda foydalanilmaydi.
