“22-modda. Yer uchastkasiga boʻlgan huquqning boshqa shaxsga oʻtishi
Yer uchastkalarini ajratish va ulardan foydalanish, shuningdek yerlarni hisobga olish va davlat yer kadastrini yuritish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-708-son) · Sana: 16.08.2021 · Amalda
Korxonaga, binoga, inshootga yoki boshqa koʻchmas mulkka boʻlgan mulk huquqi, xoʻjalik yuritish huquqi yoki operativ boshqaruv huquqi boshqa shaxsga oʻtgan taqdirda, ushbu obyektlar bilan birgalikda mazkur obyektlar band etgan hamda ulardan foydalanish uchun zarur boʻlgan yer uchastkasiga doimiy egalik qilish, meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish, undan doimiy foydalanish va ijara huquqi ham oʻtadi.
Uy-joyga, chorbogʻga boʻlgan mulk huquqi (sotib olish, hadya qilish yoki meros boʻyicha olish va boshqa hollarda) jismoniy shaxslarga oʻtgan taqdirda, ushbu imoratlarga boʻlgan mulk huquqi bilan birgalikda mazkur imoratlar joylashgan barcha yer uchastkasiga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi ham oʻtadi.
Korxona, bino, inshoot yoki boshqa koʻchmas mulk band etgan yer uchastkasiga doimiy egalik qilish, meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish, undan doimiy foydalanish va ijara huquqining boshqa shaxsga oʻtishi mulkdorlarning yoki ular vakolat bergan organlar hamda shaxslarning tegishli shartnomalari, qarorlari asosida tuman, shahar yer-kadastr daftariga yerning yangi egasi yoki yerdan yangi foydalanuvchi yoxud yangi ijaraga oluvchi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni kiritish hamda yer uchastkasiga doimiy egalik qilish, undan doimiy foydalanish, ijara (ijara shartnomasining amal qilish muddatiga) yoki yer uchastkasiga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqini belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazish yoʻli bilan rasmiylashtiriladi.
Korxonaning, binoning, inshootning yoki boshqa koʻchmas mulkning bir qismiga boʻlgan mulk huquqi, xoʻjalik yuritish huquqi, operativ boshqaruv huquqi yangi mulkdorga yoki boshqa ashyoviy huquqlarning egasiga oʻtgan taqdirda, unga yer uchastkasining korxonaning, binoning, inshootning yoki boshqa koʻchmas mulkning ulushiga mutanosib boʻlgan qismiga doimiy egalik qilish, meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish, undan doimiy foydalanish va ijara huquqi ham oʻtadi, yer uchastkasini bunday ajratish mumkin boʻlmagan hollarda, shuningdek ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan masalalar yuzasidan nizolashilgan taqdirda esa yer uchastkasining boʻlinishi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligining Davlat kadastrlari palatasi boʻlinmalari tomonidan amalga oshirilib, viloyat, Toshkent shahar hokimining qarori bilan tasdiqlanadi va keyinchalik yer uchastkasiga boʻlgan mulk huquqi, undan doimiy foydalanish va ijara huquqi davlat roʻyxatiga olinadi hamda davlat roʻyxatiga olish toʻgʻrisidagi tegishli koʻchirmalar beriladi”;
