“241-modda. Doimiy foydalanish huquqi asosida berilgan yer uchastkalarining ijarasi
Yer uchastkalarini ajratish va ulardan foydalanish, shuningdek yerlarni hisobga olish va davlat yer kadastrini yuritish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-708-son) · Sana: 16.08.2021 · Amalda
Davlat organlari, muassasalari va tashkilotlariga doimiy foydalanish huquqi asosida berilgan qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar va oʻrmon fondi yerlari investitsiya shartnomasi yoki davlat-xususiy sheriklik asosida ijaraga berilishi mumkin. Bunda quyidagi yerlar uch yildan kam boʻlmagan va qirq toʻqqiz yildan oshmaydigan muddatga ijaraga berilishi mumkin:
qishloq xoʻjaligi oborotidan chiqib ketgan sugʻoriladigan yerlar va lalmi yerlar — Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga hamda qishloq xoʻjaligi korxonalariga;
oʻrmon fondining foydalanilmayotgan yerlari — jismoniy va yuridik shaxslarga.
Ushbu modda birinchi qismining birinchi xatboshisida nazarda tutilgan hollarda, yaylovlar, boʻz yerlar, koʻp yillik dov-daraxtlar Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga, qishloq xoʻjaligi korxonalariga, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari boʻlgan investorlarga oʻttiz yil muddatga, ushbu Kodeksning 461-moddasida belgilangan oʻlchamlarda ijaraga berilishi mumkin.
Davlat organlariga, muassasalariga va korxonalariga doimiy foydalanish huquqi asosida berilgan qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yerlar:
davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish uchun davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimning amal qilish muddatiga — xususiy sherikka;
ijtimoiy foydali maqsadlarga erishishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish uchun ijtimoiy sheriklik toʻgʻrisida bitimlar va shartnomalarning amal qilish muddatiga — nodavlat notijorat tashkilotlariga va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlariga;
davlat va jamoat ehtiyojlari uchun boshqa yuridik shaxslarga ijaraga berilishi mumkin.
Ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan hollarda yer uchastkalarini ijaraga berish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi”;
17) 243-modda quyidagi tahrirda bayon etilsin:
