35-modda. Statistika uslubiyatlari
Rasmiy statistika toʻgʻrisida (O‘RQ-707-son) · Sana: 11.08.2021 · Amalda
Rasmiy statistikani tayyorlash hamda tarqatish chogʻida foydalaniladigan usullar, qoidalar va prinsiplar tizimi statistika uslubiyatlaridir.
Rasmiy statistikani shakllantirish chogʻida statistika uslubiyatini qoʻllash majburiydir.
Statistika uslubiyatini tayyorlash va tasdiqlash rasmiy statistikani tayyorlovchilar tomonidan xalqaro uslubiyatlar hamda tavsiyalarga muvofiq oʻz vakolatlari doirasida amalga oshiriladi.
Davlat organlarining, ular mansabdor shaxslarining, shuningdek boshqa shaxslarning statistika uslubiyatini shakllantirishga aralashishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Rasmiy statistikani tayyorlovchilar statistika uslubiyatini baholash va takomillashtirish maqsadida ilmiy-tadqiqot tashkilotlari bilan hamkorlik qilishi mumkin.
Maʼmuriy maʼlumotlarni yetkazib beruvchilar oʻzlari yigʻadigan maʼlumotlarning mazmunini, uslubiyatini va roʻyxatini, shu jumladan ularni oʻzgartirish tartibini vakolatli davlat organi bilan majburiy tartibda hamda rasmiy statistikaning boshqa tayyorlovchilari bilan ixtiyoriylik asosida kelishib oladi.
