36-modda. Rasmiy statistikani eʼlon qilish
Rasmiy statistika toʻgʻrisida (O‘RQ-707-son) · Sana: 11.08.2021 · Amalda
Rasmiy statistika mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini tahlil qilish va baholash hamda ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish maqsadida, shuningdek jamoatchilikni xabardor qilish, rasmiy statistikadan foydalanuvchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash uchun eʼlon qilinadi.
Rasmiy statistika rasmiy statistikaning asosiy prinsiplariga toʻla muvofiq holda, shuningdek ayrim statistika maʼlumotlarining maxfiyligini taʼminlash hamda barchaga teng foydalanish imkoniyatini berish orqali eʼlon qilinadi.
Rasmiy statistikani tayyorlovchilar rasmiy statistikani statistika dasturida va rasmiy statistikani eʼlon qilish jadvalida nazarda tutilgan muddatlarda eʼlon qilishi shart.
Tarkibida davlat sirlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sir boʻlgan rasmiy statistika maʼlumotlari eʼlon qilinmaydi hamda qonunda belgilangan tartibda taqdim etiladi.
Jamoatchilik rasmiy statistikani eʼlon qilish muddatining har qanday oʻzgarishi toʻgʻrisida eʼlon qilishning rejalashtirilgan sanasiga qadar xabardor qilinadi.
Rasmiy statistika metamaʼlumotlar va tushuntiruvchi izohlar bilan birga eʼlon qilinadi. Rasmiy statistikadan foydalanish rasmiy statistikani tayyorlovchilarning rasmiy veb-saytlarida va ommaviy axborot vositalarida rasmiy statistikani eʼlon qilish orqali taʼminlanadi.
Rasmiy statistikani tayyorlovchilar qoʻshimcha ravishda ishlov berilgan statistika maʼlumotlarini, bosma nashrlarni va boshqa materiallarni rasmiy statistikadan foydalanuvchilarning soʻroviga koʻra pulli asosda taqdim etish huquqiga ega.
Kelgusida qayta koʻrib chiqilishi lozim boʻlgan dastlabki statistika maʼlumotlari eʼlon qilinganda, ular dastlabki maʼlumotlar sifatida koʻrsatiladi.
Statistika uslubiyatlaridagi oʻzgarishlar tufayli kelib chiqqan oʻzgarishlar toʻgʻrisidagi axborot rasmiy statistikani tayyorlovchilarning rasmiy veb-saytida jamoatchilikni bu haqda xabardor qilish maqsadida oldindan eʼlon qilinadi.
